Nasl almashinishi
Nasl almashinishi – organizmlarning hayotiy tsiklida ular avlodi (nasli, hayotiy guruhlari)ning qonuniy almashinib turishi. Hayvonlarda Nasl almashinishi birlamchi va ikkilamchi bo’ladi. Bir hujayralilarga xos bo’lgan birlamchi Nasl almashinishida jinsiy Generatsiya jinssiz ko’payadigan hujayra (agameta)lar bilan almashinib turadi. Masalan, foraminiferalarda almashinib turadigan nasl jinsiy va jinssiz individlar, ya’ni gamont va agamontlardan iborat. Gametalar hosil bo’lishidan oldin meyoz ro’y bergani uchun jinsiy avlod va gametalar gaploid, zigota va agamontlar diploid bo’ladi. Quyoshlilar va ayrim xivchinlilarda meyoz gametalar hosil bo’lishi bilan bog’liq bo’lgani tufayli, faqat jinsiy hujayralar gaploid bo’ladi. Xuddi shunga o’xshash xususiyatlar ko’p hujayralilar uchun ham xos. Ikkilamchi Nasl almashinishi geterogoniya va metagenez shaklda boradi. Geterogoniya normal jinsiy ko’payishning partenogenez bilan, metagenez esa jinsiy va jinssiz ko’payishning gallanib turishidan iborat. Geterogoniya so’rg’ichlilar, ayrim to’garak chuvalchanglar, boshaylangichlilar, bo’g’imoyoqlilar; metagenez qobiqlilar va bo’shliqichlilar uchun xos. Bo’shliqichlilarning jinsiy nasli erkin yashovchi meduzalar, jinssiz nasli esa o’troq poliplardan iborat. O’simliklarda Nasl almashinishi gaploid jinsiy, ya’ni gametofit va diploid jinssiz, ya’ni sporofit nasli bilan almashinib turishidir. Gametofit (gametalar hosil qiluvchi bo’g’in) bir jinsli (ayrim qo’ng’ir suvo’tlar, har xil sporali Paporotniklar, plaunlar, urug’li o’simliklar) yoki ikki jinsli (sfagnum, teng sporali paporotniklar, plaunlar) bo’ladi. Sporofitning sporangiylarida metoz orqali gaploid sporalar hosil bo’ladi. Sporalardan yana jinsiy bo’g’in gametofit o’sib chiqadi. Izomorf Nasl almashinishida Gametofit va sporofit bir xil (yashil, qo’ng’ir va ko’pchilik qizil suvo’tlarda), geteromorf Nasl almashinishida gametofit va sporofit har xil (yuksak o’simliklarda) tuzilgan. Suvo’tlarda Nasl almashinishining ikkala xili ham uchraydi. Shunday qilib, izomorf Nasl almashinishida har bir o’simlik turi ikki xil (gametofit ikki jinsli bo’lganida) yoki uch xil (gametofit ayrim jinsli bo’lganida) alohida yashovchi individlardan iborat (ayrim yashil, qo’ng’ir va ko’pchilik qizil suvo’tlar). Geteromorf Nasl almashinishida gametofit va sporofit mustaqil rivojlanadi (laminariya, teng sporali paporotniklar, plaunlar, qirqbo’g’imlar) yoki ulardan biri ik-kinchisi hisobiga rivojlanadi (yo’sinlar, urug’li o’simliklar). Geteromorf Nasl almashinishida, odatda, bir bo’g’in (ko’pincha sporofit) ikkinchisidan ustunlik qiladi. Yuksak o’simliklarda gametofit liniyasi bo’yicha evolyutsiya faqat yo’sinlarda kuzatiladi. Ularda sporofit ko’sakcha ko’rinishida urg’ochi gametofitning uchki qismida hosil bo’ladi. Qolgan barcha yuksak o’simliklar evolyutsiyasi sporofit liniyasi bo’yicha davom etgan. Ularda sporofit barg va poyali o’simlik bo’lib, yaxshi rivojlangan. Gametofit esa kichik, qisqa umr ko’radigan alohida o’simtadan (teng sporali paporotniklar, plaunlar, qirqbo’g’imlar) yoki sporofit xisobidan rivojlanadigan mikroskopik hosiladan iborat (har xil sporali paporotniklar, plaunlar, ochiq urug’lilar, gulli o’simliklar).