Nasirov Do’sjon Sipatdinovich

Nasirov Do’sjon Sipatdinovich (1927.3.1, Mo’ynoq tumani — 1992.20.12, Nukus) — qoraqalpoq tilshunosi. Qoraqalpog’istonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1977), Filologiya fanlari Doktori (1976). Qoraqalpog’iston pedagogika institutini tugatgan (1949), shu institutda prorektor va kafedra mudiri (1955-59), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston filiali Iqtisodiyot va madaniyat institutida bo’lim boshlig’i (1954— 55), Tarix, til va adabiyot instituti direktori o’rinbosari, sektor mudiri, direktor (1959-91), Qoraqalpoq universitetida kafedra mudiri (1991-92). Nasirovning tadqiqotlari qoraqalpoq tili tarixi va dialektologiyasiga bag’ishlangan. U «Qoraqalpoqcha-ruscha lug’at» (1958), «Ruscha-qoraqalpoqcha lug’at» (1967), «Qoraqalpoq tilining dialektologik lug’ati» (1983), «Qoraqalpoq tili» (1985), «matematik terminlarning ruscha-qoraqalpoqcha lug’ati» (1992) va boshqalarni tuzishda ishtirok etgan. As: Qoraqalpoq tilida ko’plik kategoriyasi, Nukus, 1961; Qoraqalpoq tilida ko’makchi fe’l, Nukus, 1964; Qoraqalpoq umumxalq so’zlashuv tilining shakllanishi va uning dialektal tizimi, Nukus, 1976.