Nasos

Nasos — suyuqlikni bosim ostida so’rish va haydash, gazlarni siqish yoki siyraklantirish, sochiluvchi jismlarni so’rish va haydash uchun ishlatiladigan qurilma (gidravlik yoki pnevmatik mashina, apparat yoki asbob). Suyuqliklarni bosimsiz harakatlantirish uchun mo’ljallangan qurilmalar suv ko’tarish mashinalari deb ataladi. Nasosning asosiy parametri — ma’lum vaqt ichida (vaqt birligida) haydaladigan suv, gaz yoki havo miqdori. Ba’zan Nasoslar uchun bosim (R va ya), iste’mol quvvati N va f. i. k. ham muhim. Qadimda ham Nasos yaratishga urinilgan. Masalan, qadimgi O’rta Osiyo hududida charxpalaklar yordamida suv chiqarishgan. Yunon mexanigi Ktesibiy o’t o’chirish uchun mo’ljallangan birinchi Nasosni ixtiro qilgan. 18-asr boshlariga qadar, asosan, suv ko’tarish mashinalari ishlatilgan. Bug’ mashinasi yaratilgandan so’ng ularning o’rnini asta-sekin Nasos egallay boshladi. 18-asr oxirlarida porshenli Nasos tarraqiyoti jadallashdi. 19-asr o’rtalarida porshenli bug’ Nasoslari keng ishlatila boshladi. Shu davrda parrakli Nasos ham paydo bo’ddi. 20-asr 20-30-yillaridan boshlab, ba’zi sohalarda porshenli Nasos o’rniga markazdan qochma, rotorli Nasoslar ishlatila boshladi. Nasos taraqqiyotining ikkinchi yo’nalishi aylanuvchi (rotorli) Nasos yaratilishidan boshlanadi. 17-asr boshida yaratilgan ikki rotorli Nasos hozirgi tishli g’ildirakli Nasosga o’xshaydi. Keyinchalik rotorli Nasosning boshqa xillari paydo bo’ldi. Nemis muhandisi S. Xins 1920 yil markazdan qochma qurilma deb atalgan birinchi so’ruvchi uyurma Nasosni taklif qildi. Suyuqlikni haydashda markazdan qochma kuchdan foydalanish g’oyasini 15-asrda Leonardo da Vinchi ilgari surgan. 17-asr boshida frantsuz muhandisi Blankano suv chiqaradigan oddiy markazdan qochma Nasosni yasagan. Issiqlik dvigateli va elektr dvigateli paydo bo’lgandan so’ng markazdan qochma Nasos kengroq qo’llanila boshladi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida parrakli va burilma kurakli Nasoslar yaratildi. Suyuqlikni bosim ostida haydashning uchinchi yo’nalishi — Nasos-apparatlar yaratishdan iborat bo’ladi. Yunonistonda qizdirilgan havo yoki suv bug’i yordamida idishdagi suvni siqib chiqaradigan qurilma yaratilgan. Suvni haydashda siqilgan xavodan foydalanish g’oyasi 20-asrda amalga oshirilgan. Nasos-apparatlarning xillaridan biri — suv oqimli Nasos; uni ingliz olimi D. Tompson 1852 yilda taklif qilgan. U suv va havoni so’rish uchun ishlatilgan. Keyinchalik suvli ejektor, bug’-suvli ejektor va boshqalar tarzidagi Nasoslar yaratildi, quduqlardan suv chiqaradigan gidropnevmatik suv chiqargich taklif qilindi. 20-asr boshlarida magnitgidro-dinamik Nasoslarning yaratilishi Nasos-appratlarni takomillashtirish yo’nalishlaridan biriga aylandi. Atom energetikasining taraqqiyoti munosabati bilan 20-asr 50-60-yillaridagina bunday Nasoslar keng qo’llanila boshladi. Nasos, asosan, parrakli, uyurma va hajmiy xillarga, bular esa yana bir necha turlargabo’linadi. Parrakli Nasos dvigateli g’ildirakni aylantirganda parraklari suyuqlik oqimiga ta’sir qiladi va uni harakatlantiradi. Parrakli Nasosning markazdan qochma, Diagonal va o’qaviy(o’q bo’ylab haydaydigan) xillari bor. Bular suyuqlikni so’rish xususiyatiga ega bo’lmagani uchun ularni yurgizib yuborishda so’rish trubasi va g’ildirakka suyuqlik quyiladi. Parrakli Nasos 1 — 2500 metr suv ustuniga tent bosim kerak bo’lgan joylarda ishlatiladi. F. i. k. — 90 — 92%. Uyurma Nasosda dvigatel energiyasi uyurma hosil qiladi; uyurma suyuklikni ilashtirib, harakatla-nishga majbur qiladi. Uyurma Nasos qovushoqligi kam suyuqliklarni haydash uchun quvvati bir necha kVt dan oshmaydigan stasionar va ko’chma qurilmalarda ishlatiladi. Bosimi parrakli Nasosga qaraganda 2-10 marta ortiq, f.i.k. – 25 – 50%. Hajmiy Nasosda suyuqlik Nasosning berk bo’shlig’idan quvurlarga porshen (plunjer), shesternya, vint, kulachok va boshqalar ta’sirida o’tkaziladi. Nasosga kirayotgan va undan chiqayotgan suyuqlikning solishtirma energiyalari farqi bosim deyiladi. Hajmiy Nasosning porshenli (plunjerli), membranali, rotorli va boshqa xillari bor. Proshenli Nasosda suyuqlik ish kameralari hajmining o’zgarishi hisobiga harakatlanadi. Rotorli Nasos shesternyali, plastinkali va boshqa xillarga bo’linadi. Nasoslar suv ta’minoti tizimlarida, neft chiqarish, neft maxsulotlari va gazlarni haydashda, kema va gidropress qurilmalarida, avtomobillarda, binolarni shamollatishda hamda texnikaning boshqa sohalarida keng qo’llaniladi.