Nautilus nima?

Moskva Kremlining Orujeyniy palatasiga borib, ko’rgazmalarga diqqat qilsangiz, Nautilus chig’anog’idan yasalgan juda chiroyli narsalarga ko’zingiz tushadi. Xo’sh, biz bu g’aroyib jonivor haqida nima bilamiz? Juda oz narsa. Aksariyatimizning bilimimiz uning chig’anogi bor, undan har xil chiroyli buyumlar va qadama naqshlar yasashadi, demak, u dengiz hayvoni, deyish bilan chegaralanib qoladi. Fantastika ishqibozlari Jyul Vernning g’aroyib «Nautilus» kemasiga darg’alik qilgan kapitan Nemosini eslashadi. Mana, hammasi shu. Xarqalay, bu boshoyoqli g’aroyib mollyuska oiladoshlaridan ko’ra baxtliroq chiqib qoldi. Jyul Vernning sharofati bilan ko’p bolalar va qizlar har tugul uning nomini bilib olishgan. Nautilus haqiqatan ham ko’proq narsa bilishga arziydigan hayvon. Bu noyob maxluq tashi katta burama bo’lib o’ralgan chig’anoqli boshoyoq mollyuskalarning shu kungacha yetib kelgan yakkayu yagona vakilidir. Nautilus chig’anog’ining tuzilishi aqlni tong qoldiradi. Mollyuskaning o’zi unda turadigan kameraga ega, agar okean tubiga tushmoqchi bo’lsa, Nautilus boshqa, ballast (posangi) kamerasini suvga to’ldiradi. Chig’anoqdagi yana bir hujra turli gazlar aralashmasiga to’ldirilgan. Nautilusning suv tagida bo’lish «joniga tegsa», chig’anoq juda yengil bo’lib qoladi va dengiz sathiga tezda ko’tarilib chiqadi. Mana shunday ustomona harakati va 600 — 700 metr chuqurlikda, bir necha o’n atmosfera bosimida bemalol tura olish qobiliyati, so’ng yengilgina suv sathiga ko’tarilishini inobatga olib, yozuvchi o’z suvosti kemasini «Nautilus» deb atagan bo’lsa ajab emas. Balki uning nomi boshqa, chig’anog’i burama emas, to’g’ri bo’lgan va hozirgi paytda qirilib ketgan Nautilus xotirasiga qo’yilgandir. Ularning uzunligi bir necha metr kelgan va chindan ham uncha katta bo’lmagan suvosti kemalariga o’xshagan. Tanasining old qismidagi o’ziga xos «raketa apparati» sharofati o’laroq ular oldinga ham, ortiga ham harakatlana olgan, nazarimizda, ular juda yirtqich bo’lgan. Nautiluslar hozirgi kunda Tinch va Hind okeanlari chegarasidagi orollar atrofida uchraydi. Bundan 300 million yillar oldin mavjud nautiluslarning ajdodlari Rossiya, hozirgi Podmoskovye o’rnida bo’lgan issiq dengizlarda ham yashagan.