Navni rayonlashtirish

Navni rayonlashtirish – qishloq xo’jalik ekinlarining yuqori mahsuldor, mahsulot sifati va boshqa ko’rsatkichlari bo’yicha qimmatli yangi navlari va duragaylarini tanlab olish va muayyan tabiiy zonalardagi xo’jaliklarda ekish (joylashtirish). Qishloq xo’jaligi ekinlari navlarini rayonlashtirish O’zbekistonda 1934 yilda joriy etilgan. Rayonlashtirish uchun qimmatli xo’jalik belgilariga va mahsuldorligiga ko’ra, muayyan zonada ilgari rayonlashtirilgan navga qaraganda ustun turadigan yangi nav tasdiqlanadi. Navni rayonlashtirish (1996 yil 29 avgustda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining «Urug’chilik to’g’risida»gi qonuniga ko’ra, respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo’jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritish)da amaldagi qonunlarga ko’ra dastlab mahalliy yoki xorijiy selektsiya muassasalarida yaratilgan yangi navlar davlat sinovini o’tkazish uchun Respublika qishloq xo’jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasiga topshiriladi. Bunda Originator (navning egasi) tomonidan navni sinash, rayonlashtirish, himoya hujjati (patent) olish uchun ariza, sinov davrida tegishli miqdordagi original urug’lik (ko’chat) bilan ta’minlash haqida kafolat xati, navning ta’rifi, selektsiya muassasasida o’tkazilgan uch yillik sinov natijalari, mahsulotning sifati haqida ma’lumotlar, navning rangli fotosurati taqdim etiladi. Navni rayonlashtirish uchun xo’jalik jihatidan foydaliligi bo’yicha sinovlar quyidagi tavsiflarni aniqlashi kerak: hosildorlik, kasallik va zararkunandalarga chidamlilik, tashqi muhit sharoitlariga (sovuqqa, qurg’oqchilikka chidamlilik) ta’sirchanlik, tezpisharlik, olinadigan mahsulot sifati va boshqalar. Taklif etiladigan yangi nav reestrda ro’yxatga olingan (ilgari rayonlashtirilgan) navlardan bir yoki ikki muhim xo’jalik va biologik tavsifiga ko’ra yaxshiroq bo’lishi, qolganlari bo’yicha ular darajasida bo’lishi yoki ulardan uncha past bo’lmasligi kerak. Sinovlar kamida ikki yil davomida o’tkaziladi, ko’p yillik ekinlar to’g’risida esa ular kamida ikki yil davomida to’liq hosil bergandan keyin rayonlashtirish haqida ekspert komissiyasi xulosasi qabul qilinadi. Navni rayonlashtirish uni ko’paytirish, urug’lik va ko’chatlarni O’zbekiston Respublikasi hududiga kiritish va realizatsiya qilish huquqini beradi, shuningdek, bu navlar ekilgan maydonlarda aprobasiya o’tkazilishi va ularning urug’lik sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati berilishi uchun ham huquqiy asos bo’ladi. Navni rayonlashtirish tartibi hamda navlarni joylashtirish rejalarini Respublika hukumati qabul qiladi. Uni respublika Vazirlar Mahkamasining maxsus ruxsatisiz buzish, o’zgartirish mumkin emas.