Nayrobi

Nayrobi – Keniya poytaxti, 1700 metr balandlikdagi yassitog’likda joylashgan. Iqlimi ekvatorial, mussonli iklim. Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 15°, martniki 18,7°. Yillik yog’in o’rtacha 930 mm. Aholisi 2,07 million kishi (1998). Nayrobi ma’muriy jihatdan provintsiyaga tenglashtirilgan poytaxt okrugini tashkil qiladi. Shaharga 1899 yilda Mombasa — Kisumu temir yo’lning qurilishi natijasida asos solingan. Keyinroq inglizlarning harbiy bazasi bo’lgan. 1963 yildan mustaqil Keniya poytaxti. Nayrobi — temir yo’l va shosse yo’llar tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning muhim savdo-sanoat markazi. Oziq-ovqat, ko’n-poyabzal, to’qimachilik, metallsozlik, kimyo, qog’oz, oyna-shisha, tsement sanoati korxonalari mavjud. Milliy universitet, milliy muzey, Sorsbi badiiy galereyasi, milliy teatr, kutubxona, tadqiqot markazlari bor. Shahar to’g’ri burchakli reja asosida, binolar evropacha usulda qurilgan. Turizm rivojlangan.