Nayzabarg

Nayzabarg (Sagittaria) — bulduruqo’tdoshlarga mansub ko’p yillik ildizpoyali o’tlar turkumi. O’zbekistonda uch yaproqli Nayzabarg (S.trifolia) o’sadi. Barglari ildiz bo’g’zidan 60-100 santimetrgacha o’sadi, nayzasimon, uchi o’tkir, bandi uzun. Gullari oq, poyaning uchida oddiy yoki shoxlangan shoda holida, asosan 3 halqa bo’lib joylashgan. Iyun-senabrgacha gullab mevalaydi. Mevasi yong’oqcha. Ildizpoyasidan nayzabarg, tuganakli novdalar o’sadi. Tuganagi va urug’idan ko’payadi. Bir tupi 10 mingtagacha urug’tugadi. Urug’lari shamol va suv orqali tarqaladi. 18-26° haroratda unib chiqadi. O’rta Osiyoda tarqalgan. Sholipoyalarga katta zarar yetkazadi. Asosan, sug’orish va tashlandiq ariq va kanallar bo’ylarida o’sadi. Kurash choralari: urug’likni tozalash, ekinni siyrakroq ekish; gerbitsidlar purkash.