Neftedollarlar

Neftedollarlar (inglizcha petrodollars) — neft eksport qiladigan mamlakatlar neftni chetga sotganlarida AQSh dollarida oladigan pul vositalari. Neftedollarlar 20-asrning 70-yillari o’rtalaridan neft narxlarining tez ko’tarilishi oqibatida paydo bo’ldi. Neft qazib oluvchi mamlakatlar ingliz-Amerika neft korporatsiyalari bilan kurashish natijasida neft qazib olish ustidan o’z nazorati darajasini oshirdi va neftdan olinadigan daromadlarda o’z xissasini oshirishga, neftning jahon narxlarini keskin ko’tarishga erishdilar. 1970-yillar o’rtalari —80-yillar boshida neft qazib chiqaruvchi mamlakatlarning daromadlari katta miqyosga etdi. Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti — (OPEK)ga kiruvchi mamlakatlarning tashqi daromadi 300 milliard dollardan oshib ketdi. OPEK a’zolarining ko’pchiligi daromadlarini milliy iqtisodiyotni yuksaltirish, ta’lim, sog’liqni saqlashni rivojlantirishga sarfladilar, ayrimlari bo’sh turgan pul mablag’larini G’arb mamlakatlari banklariga qo’ydilar va shu tariqa bu mablag’lar «Neftedollarlar» nomini oldi. Neftedollarlar rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotini moliyalashtirishning qo’shimcha manbaiga aylandi, to’lov balansi taqchilligini qoplashda foydalanildi. Chet ellardagi qo’yilmalardan Neftedollarlar egalari bulgan mamlakatlar katta daromad kura boshladi. Masalan, Fors qo’ltig’i mamlakatlarining 1980-yillarda chet ellardagi qo’yilmalaridan olgan daromadlari bu mamlakatlar eksport tushumlarining qismini tashkil etdi. Neft qazib oluvchi mamlakatlarning chet el banklaridagi qo’yilmalari hajmi hamon katta bo’lib qolmoqda. Masalan, 1994 yillar o’rtalarida Quvaytning chet ellardagi xususiy qo’yilmalari 120 milliard dollar, BAA-niki 23 milliard dollar, Katarniki 14 milliard dollar bo’lgan. Qodirjon Yusupov.