Nega muz quvurlarni yorib yuboradi?

Ko’pgina studentlar: «nega endi fizika va tabiiy fanlar bilan boshimni qotirishim kerak, axir, men ulardan hech qachon foydalanmayman ku?»deb shikoyat qilishadi. Bunday kishilarning fizika va tabiiy fanlarning «befoydaligi» to’g’risidagi gaplariga ishonish qiyin. Biz, o’zimiz bilib-bilmay, kundalik hayotimizda fizika qonunlaridan foydalanamiz.

Qishi sovuq bo’ladigan iqlimda yashaydigan har bir kishi o’z mashinasining radiatoriga antifriz solishni, barcha quvurlardagi suvlarni to’kib tashlash lozimligini juda yaxshi biladi. U, mabodo, bunday qilmasa, radiatorida yoriqlar paydo bo’lishini, quvurlar esa yorilib ketishini tushunadi. Nega bunday bo’lishi fizika qonunlarida asoslab berilgan.

Masalan, aksariyat moddalar suyuq holatdan qattiq holatga o’tganda, ularning hajmi torayadi. Ammo suv — buning butunlay aksi. U torayish o’rniga kengayadi. Kengayganda ham, taxminan 10 foiz yoki 1/9 qismga kengayadi, ya’ni chelagingizda to’qqiz litr suv bo’lsa, undan, muzlagach, 10 litr qattiq muz hosil bo’ladi. Endi suvning radiator yoki quvurda muzlab qolishini tasavvur qilib ko’ring. O’n litr qattiq muzga to’qqiz litr suvga nisbatan ko’proq fazo talab etiladi. Ammo radiator quvurchalari yoki suv quvurlari cho’zilish xususiyatiga ega emas. Chunki ularda oshiqcha joyning o’zi yo’q. Shuning uchun ham suv muzlaganda, quvurlarga sig’may, yorib chiqadi. Tabiatning bunday o’ziga xos hodisasi katta kuchga ega. Siz quvurlar pishiq metallardan tayyorlanishini yaxshi bilasiz. Finlyandiyaliklar bunday kuchdan ham unumli foydalanishadi. Ular tosh konlarida qoyalardagi yoriqlarga suv qo’yishadi va uning muzlashini kutishadi. Muzlagan suv pona vazifasini o’taydi. Ulkan qoya toshlari muzning kengayishi natijasida katta toshlarga bo’linib ketadi. Muz suvga nisbatan ko’proq joyni egallasa ham, undan yengildir va uning ustida suzib yuradi. Shuning uchun ham katta suvliklar hech qachon to’liq muzlamaydi. Suv yuzasidagi muz qatlami ostidagi narsalarni muzlab qolishdan saqlaydi.