Nil-sahroi kabir tillari

Nil-sahroi kabir tillari — Afrika tillari makrooilasi. Nil-sahroi kabir tillarining genetik yaqinligi haqidagi faraz amerikalik olim J. Grinbergga tegishli. Bu tillar, asosan, Markaziy va Sharqiy Afrikada tarkalgan (eng g’arbiy chegarasi Niger daryosining o’rta oqimi). Nil-sahroi kabir tillarida 30 milliondan ortiq kishi so’zlashadi; ushbu tillar g’arbdan sharqqa yo’nalgan 6 oilaga bo’linadi: 1) Songai- zarma; 2) Sahroi Kabir; 3) maba; 4) fur; 5) sharinil; 6) koma. Nil-sahroi kabir tillari ichida shari-Nil oilasi alohida o’ringa ega, chunki bu oila o’z navbatida Sharqiy Sudan, Markaziy Sudan, kunama, Berta kabi tarmoqlarga, tarmoqlar esa guruhlarga bo’linadi. Umuman, Nil-sahroi kabir tillariga mansub 50 dan ortiq til o’z grammatik qurilishi va lug’at tarkibiga ko’ra o’zaro keskin farqlanadi, chunki bu tillarga qo’shni tillar (ayniqsa, xom-som tillari) kuchli ta’sir ko’rsatgan. Olimlar bu tillarni 160 dan ortiq lug’aviy o’xshashliklar, shuningdek, 30 dan ortiq morfologik ko’rsatkichlarning o’zaro muvofiqligi asosida genetik jihatdan bir deb hisoblagan bo’lsalarda, bunday o’xshashlik va mosliklar Nil-sahroi kabir tillari makro-oilasidagi hamma tillarda ham mavjud emas.