Nima uchun igluning ichkarisi erimaydi?

Eskimoslar ham tosh va yog’ochdan uy qurishni o’rganib olgan bo’lsa-da, bu shimol xalqi to shu kungacha ayrim hollarda yoki ko’chish vaqtida qordan uy — iglu yasashini kanda qilmaydi. Ilguni tezda qurib bitkazish mumkin va har qanday ob-havo sharoitida unda yashash qulay.

Iglu sozlash uchun dastlab qor uyumida uzunligi 1,5 metr, chuqurligi esa 50 santimetr choh qaziladi. So’ngra chohning oldingi devoridan boshlab pichoq bilan qor bo’laklari kesib olinadi. Ular ichkariga qarab qiyalab boradigan yo’sinda bir-biriga ustma-ust qo’yiladi.

Qor bo’laklari dastlab aylana shaklida qo’yib chiqiladi, aylananing usti shunday taroshlanadiki, iglu qurilishi jarayonida aylana devor ustiga bo’laklar tobora torayib boradigan burama tarzida qo’yib chiqiladi. Ishlar yurishib ketgach, bunday bo’laklar uyning ichki qismidan ham kesib olinadi. Yuqorigi chetlari quyilarinikidan enliroq bo’lgan so’nggi bo’lak uy tepasidagi tuynukni yopadi. So’ngra barcha darz ketgan joylarga yumshoq qor yopishtiriladi. Chog’roq igluni qurishga ko’pi bilan ikki soat vaqt ketadi.

Iglu bitgach, navbat uy bekasiga keladi. Beka dengiz mushugi yog’idan tayyorlangan chiroqni yoqadi. Chiroq imkon qadar kuchliroq yonishi kerak. So’ngra u eshik o’rnini boshqa bir qor bo’lagi bilan havo kirmaydigan qilib yopib tashlaydi. Qor eriy boshlaydi. Uyning tomi yuqoriga ko’tarilgan sari torayib boruvchi aylana shaklida bo’lgani uchun ham eriyotgan qor yerga tommaydi. Tomchilarni devor shimadi. Devor yasalgan qor bo’laklari suvni yaxshilab shimib olgach, beka eshikni ochib, chiroqni o’chiradi. Ichkariga muzday havo yopirilib kiradi va mo’rt qor uy mustahkam muz gumbaziga aylanadi. U, tomiga hatto oq ayiq chiqqan taqdirda ham yiqilmaydigan darajada qotib qoladi va erimaydi. Endi igluda bemalol yashasa bo’ladi. Ammo qish tugab, temperatura ko’tarilgach, iglu ham eriy boshlaydi, dastlab uning tomi qulab tushadi.