Nishon tumani
Nishon tumani – Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1975 yil 6 martda tashkil etilgan. Janubda Turkmaniston, shimolda viloyatning Qarshi, sharqda G’uzor, g’arbda Kasbi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 2,1 ming km2. Aholisi 112,5 ming kishi (2003). Nishon tumanida 2 shahar (Tallimarjon va yangi Nishon), 1 shaharcha (Nuriston), 8 qishloq fuqarolar yig’ini (Balxiyak, Nishon, Navro’z, Oydin, Oqoltin, Paxtazor, Qirqduloch, Shirinobod) bor. Tuman markazi — Yangi Nishon shahri. Tabiati. Tuman hududi Qashqadaryo vohasining Janubda, qarshi cho’lida joylashgan. Hududining asosiy qismi cho’l, qir hamda adirlardan iborat. Bu yerda nishon, Gulbodom, g’ovur, Kaptarli, Oydin kabi cho’l va yaylovlar mavjud. Iqlimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 14,8°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0,2°, eng past temperatura -15°, iyulniki 28,8°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 230 kun. Oktabr oyining oxirlari va noyabr oyining boshlaridan havo soviydi va namgarchilik boshlanadi. Yillik yog’in 180-220 mm. Tuman hududidan qarshi magistral kanali o’tgan. Tallimarjon suv ombori bor. Tuprog’i asosan, bo’z tuproq. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, rus, tatar, tojik, turkman, qozoq, qoraqalpoq, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km2 ga 53 kishi. Xo’jaligi. Nishon tumani xo’jaliklari paxtachilik, g’allachilik, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 377 kichik va xususiy korxona, 52 aktsiyadorlik jamiyati, Tallimarjon GRES qurilish boshqarmasi, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi sho’ba korxonasi mavjud. Nishon tumanida 3 shirkat, 1967 fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatmoqda. 47196 gektar yer maydoni sug’oriladi, shu jumladan, 24553 gektar paxta, 18640 gektar g’alla, 596,6 gektar sabzavot va poliz, 1637 gektar yem-xashak ekinlari bilan band. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 22 ming qoramol, 42,1 ming qo’y va echki boqiladi. Tuman markazini xo’jaliklar bilan bog’laydigan yo’llar asfaltlangan. Tuman hududini katta O’zbekiston trakti va temir yo’l kesib o’tgan. Nishon—Qarshi (25 kilometr) va boshqa yo’nalishlarda avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Nishon tumanida 33 umumiy ta’lim maktabi, agroiqtisodiyot kolleji, 3 kasb-hunar maktabi, 21 kutubxona, madaniyat uylari, stadion bor. Kasalxona, feldsher-akusherlik punktlari, qishloq vrachlik punktlari va boshqa tibbiy muassasalarda 156 vrach va 640 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. 1975 yildan «Nishon tongi» tuman gazetasi chiqadi (adadi 960).