Nitrobakteriyalar nima?

Chor atrofda hayot uchun o’ta zarur, ammo foydalanish uchun «tutib olish» kerak bo’lgan narsa nima ekanini bilasizmi? Bu — azot. Biz nafas olayotgan havoning 4/5 qismi azot gazidan tarkib topgan. Biz uni qanday yutgan bo’lsak, shunday chiqaramiz. Undan kislorodni «suyultirish» uchun foydalanamiz. Negaki, uni birato’la ko’p miqdorda yutib bo’lmaydi. Barcha tirik hujayralar tarkib topgan modda — protoplazma hosil bo’lishi uchun kislorod kerak. Asosiy ozuqa materiyasi bo’lmish protein esa tarkibida azot bo’lgan moddalardan hosil bo’ladi. Shunday qilib, azotni havodan ajratib olish o’ta muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon azotning yig’ilishi deb ataladi. Bu jarayonning asosiy qismini bakteriyalar bajaradi. Azotni yig’uvchi bakteriyalarning ikki turi mavjud. Ularning bittasi o’simliklarning ildizida, ikkinchisi esa tuproqda erkin holda bo’ladi. Ular qanday qilib azotni «yig’ishadi»? Bu bakteriyalar azotni to’g’ridan-to’g’ri havodan olishadi va kislorod bilan biriktirib, proteinlar hosil qilishadi. Ildiz bakteriyalari faqat loviya, sebarga, yo’ng’ichqa va no’xat kabi ekinlar ildiziga o’rnashib oladi. Ammo ular bu o’simliklarga keragidan oshiqcha azot yig’adi, natijada ularning ildizida keragidan ortiq azot yig’ilib qoladi. Ekinlar qurib qolganda yoki ustki qismi o’rib olinganda, oshiqcha azot yerga o’tadi. Dalalarga ustma-ust qishloq xo’jalik ekinlari ekilganda va hosil yig’ib olinganda, azot tuproqqa qaytmaydi. Tuproq shu tariqa ekinlarni undirish xususiyatini yo’qotadi. Shuning uchun ham dehqonlar o’g’itdan foydalanishadi. Tuproqqa natriy selitrasi, ammoniy sulfati, hayvon va parrandalarning tezagi singari azot o’rnini bosadigan o’g’itlar bilan ishlov beriladi. Bugungi kunda tuproqdagi azot miqdorini qayta tiklash uchun uni sun’iy ravishda yig’ish usullaridan foydalaniladi.