Niyoziy Muhammad Niyoz Abdulg’ofurbek

Niyoziy Muhammad Niyoz Abdulg’ofurbek (19-asr) — uyg’ur tarixchisi, shoir, tarjimon va xattot. 1851 yil umumiy tarixga bag’ishlangan «Qisas ul-g’aroyib» asarini turkiy tilda yozgan. Asar muqaddima, xotima va 3 qismdan iborat. Asarning 1-qismida Chingizxon davrigacha bo’lgan voqealar bayoni; 2-qismida Chingizxon va uning avlodlari, Humoyungacha bo’lgan Boburiylar tarixi bayoni; 3-qismda dastlabki 2 qismda zikr qilingan muhim voqealar tafsiloti yoritilgan. Asarga muallifning she’rlari ham kiritilgan. Sharqiy Turkistonda ko’chirilgan bir nusxasi Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg bo’limida saqlanmoqda (inv. № 106). Niyoziy Mirza Muhammad Haydarning «Tarixi Rashidiy» asarini forschadan uyg’urchaga tarjima qilgan (1837). Tarjimaga nasriy, she’riy bosh so’z va xotima kiritilgan. Tarjimaning muallif qo’lyozmalari Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg bo’limida saqlanmoqda (inv. № 120, №121, №192). Niyoziy fors tilidan ko’pgina she’rlarni uyg’ur tiliga tarjima qilgan.