Nodir Devonbegi madrasasi
Nodir Devonbegi madrasasi – Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Buxoro xoni Imomqulixonnchng vaziri Nodir devonbegi (Nodir Mirzo Tog’ay ibn Sulton) qurdirgan (1622-23). Nodir Devonbegi madrasasi Labi-hovuz ansamblining Sharqiy qismida joylashgan. Dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan, xonning qarori bilan madrasaga aylantirilgan. Unda madrasalarga xos ayvon, masjid va katta darsxona yo’q, hovli atrofi 4 tomondan 2 qavatli kichik hujralar bilan o’ralgan. Hujralarga o’ymakori usulida bezatilgan eshiklar, eshiklar tepasidagi tobadonga panjaralar o’rnatilgan. Hovliga pishik g’isht yotqizilgan. Bosh tarzi maydonga qaragan. Old tomonida hovuz bor. Peshtog’i o’ziga xos mahobatli va serhashamdir. Undagi o’simliksimon naqshlar orasida kuyoshga intilayotgan afsonaviy Xumo qushi va bug’uning o’tlab yurgan tasviri koshinkori bezaklari yorqin bo’yoqlarda aks ettirilgan. Hoshiyalariga, kitobasiga arabiy yozuvlar bitilgan. Ustungo’shasi buramasimon. Peshtog’ining 2 yon qanotidagi 2 qavatli 3 tadan chuqur ravoqli peshayvon aloqida zeb berib pardozlangan. Burchaklaridagi 2 guldasta ravoqlardagi naqshlar bilan o’zaro uyg’unlashgan. Madrasa tarhi 52×49 metr, hovli 34 xzo metr. Nodir Devonbegi madrasasi bir necha marta ta’mirlanib, gumbaz, ravoq va devorlaridagi namlik yo’qotilib, buzilib ketgan hujralari qayta tiklandi. Samarqand va Buxoro ustalarining sa’y-harakatlari bilan bosh tarzi qayta jilolandi.