Nomzodlik minimumi
Nomzodlik minimumi, nomzodlik imtihonlari (O’zbekiston Respublikasida)— oliy o’quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalarida nomzodlik dissertasiyasini himoya qilishdan oldin aspirant va tadqiqotchilar tomonidan topshiriladigan imtihonlar. Falsafa va milliy istiqlol g’oyasi hamda demokratik jamiyat qurishning nazariy asoslari, chet tili, kompyuter va hisoblash texnikasi, dissertatsiya mavzusiga muvofiq keladigan mutaxassislik fanidan topshiriladi. Ijtimoiy-gumanitar yo’nalishda dissertatsiya yoqlamoqchi bo’lganlar bularga qo’shimcha ravishda mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari hamda ilmiy asoslari fanidan ham Nomzodlik minimumi topshiradilar. Falsafa va milliy istiqlol g’oyasi hamda demokratik jamiyat kurishning nazariy asoslari fanidan imtihon topshiruvchilar oliy maktablarda o’qitiladigan klassik falsafa kurslaridan tashqari, zamonaviy falsafiy oqim hamda yo’nalishlarning mohiyati aks etgan adabiyotlar bilan tanishishlari va shu asosda Nomzodlik minimumiga tayyorgarlik ko’rishlari kerak. Bu imtihon savollariga falsafa va demokratik jamiyat qurishning nazariy asoslari fanlari dasturlari tayanch bo’lib xizmat qiladi. Nomzodlik imtihoni mazmuni tegishli oliy maktab yoki ilmiy tadqiqot muassasasi falsafa kafedrasi tomonidan belgilanadi va shu kafedra tomonidan tayyorlangan maxsus dastur asosida o’tkaziladi. Chet tili bo’yicha olinadigan nomzodlik imtihonida da’vogardan mutaxassisligiga doyr va biror ijtimoiy-siyosiy mavzudagi matnni lug’atsiz o’qish, qayta so’zlab berish, chet tilida o’qilgan matn yuzasidan suhbatlashish qamda mutaxassislikka oid mavzuda suhbatlasha olish talab etiladi. Imtihon qajmi tegishli kafedra yoki sektor tomonidan da’vogarning mutaxassisligiga qarab belgilanadi. Inson intellektual faoliyatida kompyuter texnikasining tobora katta o’rin tutib borayotganligi ilmiy daraja da’vogarlarining kompyuterni egallashlarini shart qilib qo’ydi. Shuning uchun ham keyingi vaqtlarda kompyuter va hisoblash texnikasi fanidan Nomzodlik minimumi kiritildi. Bu imtihonda kompyuter va hisoblash texnikasi ishlash tamoyillarining nazariy jihatlari hamda amaliy ko’nikmalari, aspirant yoki tadqiqotchining o’z mutaxassisligi bo’yicha izlanishlar olib borishida kompyuterdan foydalana olish malakasi tekshiriladi. Da’vogarlardan kompyuterdan foydalanishning nazariy qoidalaridan tashqari amaliy malakaga ega bo’lish ham talab etiladi. Bu fandan olinadigan imtihon mazmuni ham tegishli kafedra yoki sektor mutaxassislari tomonidan belgilanadi va muayyan dastur shakliga keltirilib, aspirant va tadqiqotchilarga yetkaziladi. Mustakillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiysiyosiy, ma’naviy negizlari hamda ilmiy asoslari fanidan Nomzodlik minimumi topshirishda ijtimoiy-gumanitar fanlar yo’nalishida dissertatsiya yozayotgan aspirant va tadqiqotchilardan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va mafkuraviy asoslarini puxta bilib olish talab etiladi. Nomzodlik imtihonlari topshirilgan kundan e’tiboran 5 yil mobaynida kuchga ega bo’ladi. Agar dissertatsiya himoya kengashi tomonidan qabul qilib olingan vaqtda nomzodlik imtihonlaridan birortasining topshirilganiga 5 yildan oshib ketgan bo’lsa, u qayta topshirilishi lozim. Aspiranturaga kirish vaqtida Nomzodlik minimumi topshirishni istagan shaxslar kirish imtihonlaridan ozod qilinadilar. Xususiy yo’sinda Nomzodlik minimumi topshirgan kishilar qabul komissiyasi qarori bilan tegishli fanlardan kirish imtihonlaridan ozod qilinadilar va ularga Nomzodlik minimumida olgan baholari qo’yib beriladi. Aspiranturada sirtdan o’qiyotgan shaxslarga Nomzodlik minimumilari topshirish hamda dissertatsiya yuzasidan tadqiqotlar olib borish uchun har yili ish haqi saqlangan holda bir oylik qo’shimcha ta’til beriladi.