Nominatsiya

Nominatsiya (lotincha Nominatio — nomlash, nom qo’yish, atash) (tilshunoslikda) — nomlash xususiyatiga ega bo’lgan, ya’ni nolisoniy borliq unsurlariga nom berish va ularni ajratib ko’rsatish, ular haqida tegishli tushunchalarni shakllantirish uchun xizmat qiladigan til birliklari — so’zlar, so’z birikmalari, frazeologizmlar va gaplarni hosil qilish. Nominatsiya jarayonining natijasi hisoblangan ma’noli til birligi xam ayni shu termin orqali ifodalanadi. Ayrim olimlar Nominatsiya terminini tilshunoslikning nomlash jarayonlari tarkibini o’rganuvchi bo’limini bildirish uchun ham qo’llaydilar. Nominatsiyada 3 jihat farqlanadi: nomlanuvchi ob’yekt, nomlovchi sub’yekt, tanlab olinadigan til unsurlari. Alohida tushuncha, predmet, belgi («go’zallik», «kitob», «aytmoq», «yashil»), muayyan belgilari bo’lgan predmet («yashil daraxt») yoki butun bir voqea-hodisa («bahor!», «Qushlar uchdi») kabilar Nominatsiyaning ob’yekti bo’lishi mumkin. Shu jihatdan Nominatsiya lug’aviy va propozitiv (so’z birikmasi va ran shaklidagi) Nominatsiyaga bo’linadi. Nominatsiya jarayonida nomlash uchun asos sifatida tanlab olinadigan belgi(lar) nomning ichki shaklini tashkil etadi. Demak, ayni bir ob’yekt o’zining turli belgilari asosida turlicha nomlanishi mumkin (masalan, «bolalar stulchasi» — mo’ljallanganlik; «katta stul» — hajm, shakl belgisi). Nomning tashqi shakli nomlash jarayonida tanlab olinadigan leksik-grammatik vositalar bilan belgilanadi. Shu sababli ichki shakl jixatidan bir xil bo’lgan nomlar o’zlarining tashqi shakli bilan farqlanadilar («Nuroniy» — «keksa odam» — «chol»). Nominatsiyani vazifa va kelib chiqish jihatidan tekshirish uni azaliy, avvaldan mavjud bo’lgan (yoki hozirgi tilda tub deb qaraladigan) Nominatsiya va yasama (ma’no va so’z yasalishiga ko’ra) Nominatsiya deb ikkiga ajratishga asos beradi. Avvaldan mavjud bo’lgan yoki birlamchi Nominatsiya jarayonlari — hozirgi tillarda juda kam uchraydigan hodisa: tilning nominativ boyligi, asosan, o’zlashmalar yoki ikkilamchi Nominatsiya hisobiga — Nominatsiya jarayonida oldindan mavjud bo’lgan birliklarning fonetik shaklidan yangi ifodalanayotgan narsaning nomi sifatida foydalanish hisobiga boyib bormoqda. Birlamchi Nominatsiya natijalari muayyan til vakillari tomonidan azaliy, dastlabki nom tarzida idrok qilinadi (masalan, suv, tog’, ichmoq, qora kabi). Bunday Nominatsiyalarning yasama ekanligi faqat etimologik yoki tarixiy tahlil orqaligina aniklanishi mumkin. Ikkilamchi Nominatsiya natijalari esa morfologik tarkibi yoki ma’nosiga ko’ra, yasama nom sifatida idrok qilinadi. Tilda tasviriy vositalar, perifraza va idiomalarning hosil bo’lishi ikkilamchi Nominatsiyaning alohida holatidir. Tilning ichki rivojlanish qonuniyatlariga mos keladigan va muayyan til vakillari ehtiyojlariga javob bera oladigan Nominatsiyalar, odatda, umumiste’moldagi lug’at tarkibidan o’rin oladi. Lekin maxsus terminologik tushunchalar uchun yaratiladigan yoki tor ijtimoiy guruhlar doirasida (jargonlar), shuningdek, alohida muallif tomonidan so’z qo’llashda paydo bo’ladigan Nominatsiyalar haqida bunday deb bo’lmaydi. Abduvahob Madvaliyev.