Norto‘xta Qilich (1947)
Norto‘xta Qilich 1947 yil 7 fevralda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani G‘ishti qishlog‘ida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkent Davlat universitetini tugatgach, «Buxoro haqiqati», «Xorazm haqiqati», «Toshkent oqshomi» gazetalarida, «Sharq yulduzi» jurnalida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlagan.
Dastlabki hikoyalar to‘plami — «Oppoq tong» (1981). Shundan so‘ng yozuvchining «Yorongul» (1981), «Mo‘jiza» (1984), «Chig‘iriq» (1988), «505» (1992), «Bayram» (1991), «Iltijo» (1992) nomli hikoya va qissalar to‘plami nashr etilgan.
Norto‘xta Qilichning «Bayram» to‘plamiga kirgan qissa va hikoyalari adib ijodining sarasi bo‘lib, unda muallif inson taqdiri va hayot ma’nosi haqida falsafiy mushohada yuritadi. Asar markazidagi voqealar ko‘p hollarda dramatik o‘tkir teranligi bilan kitobxonni o‘ziga jalb etadi. Ayniqsa, undagi qahramonlar o‘zlarining ma’naviy-axloqiy pokligi bilan o‘quvchiga ma’naviy oziq beradi, estetik zavq bag‘ishlaydi. Shuningdek, adib asarlari badiiy soddaligi va ravonligi bilan ularning o‘qimishli bo‘lishini ta’minlaydi.
Yozuvchining «Vijdon hukmi» nomli qissa va hikoyalar to‘plami 1993 yilda qoraqalpoq tilida chop qilingan.