Nota yozuvi, notatsiya

Nota yozuvi, notatsiya — musiqa tovushlarining balandligi, uzunligi va boshqa xususiyatlarini ifodalovchi belgi (nota)lardan iborat yozuv usuli; musiqa asarining yozuv ifodasi. Nota yozuvi qadimdan turli xalqlar musiqa amaliyoti va ilmiy izlanishlarning mahsuli sifatida yuzaga kelgan (qadimgi Misr, Bobil, Qadimgi Xitoy va boshqalar). Nota yozuvining bizgacha yetib kelgan dastlabki namunalari miloddan avvalgi 3-asrda Yunonistonda paydo bo’lib, harflar bilan ifodalanganligi uchun harfli Nota yozuvi deyilgan. Bunday Nota yozuvining ma’lum turini O’rta Osiyoda Forobiy ishlab chiqqan. Harfli Nota yozuvi tovushlar balandligi va parda tuzilmalarini aniqlashga yordam bergan. Nota yozuvining mukammalashishida ko’p mamlakatlarda yuzaga kelgan turli tabulaturalar muhim rol o’ynagan. O’rta Osiyoda Safiuddin al-Urmaviy (13-asr) tomonidan ud cholg’u asbobi pardalariga mo’ljallab yaratgan 2 xil tabulaturalar ma’lum bo’lgan. Ular jadval shaklida bo’lib, tovushlar balandligi turli harflar bilan, davomiyligi esa raqamlar (yoki nuqtalar) yordamida ifodalangan. 19-asr oxirida Xorazmda «tanbur chizig’i» deb nomlangan Tabulatura shaklidagi Nota yozuvi joriy etilgan. O’rta asrlarda Yevropa cherkov vokal musiqasida nevma (matn so’zlari ustiga ko’yilgan ohang yo’nalishini ko’rsatuvchi maxsus belgi) larga asoslangan Nota yozuvi keng tarqaldi. Tovush balandligini aniqroq ko’rsatish uchun bu belgilar gorizontal chiziqlarga yozila boshlagan. 11-asrda Gvido D’Aresso mazkur Nota yozuvi turini takomillashtirib 4 chiziqli Nota yozuvini kashf qilgan. 16-asr oxiridan gomofoniya uslubida generalbas usuli joriy etilgan. Unda bas ovozi tovushlari tagida yozilgan raqamlar muayyan akkordlarni ifodalagan. Hozirgi Nota yozuvi 5 ta gorizontal chiziklar (nota yo’li)ga (ularning orasiga, yuqorisi yoki pastiga) yoziladigan notalardan tashkil topgan. Notalar tovushlarning uzun-qisqaligiga qarab oval shaklidagi bo’sh va qora doiracha (boshcha)lardan iborat bo’lib, ulardan dumli yoki dumsiz (yuqoriga yoki pastga) chiziqchalar tortilib yoziladi. Notalar nomi 7 ta bo’lib, ular muayyan kalitlarida turlicha yoziladi. Ad.: Akbarov Il., Muzika savodi, T., 1953; Rajabov I., Maqomlar masalasiga doyr, T., 1963.