No’yon

No’yon (mo’g’ulcha noyon-janob, knyaz)-o’rta asrlarda Mo’g’ulistondagi oliy tabaqa vakillari. Dastlab (XI asr-XII asrning 1-yarmi) qadimgi mo’g’ullarning aslzoda urug’ boshliqlarini anglatgan, so’ngra (XII asrning 2-yarmida) cho’l zodagonlarini, urug’chilik tuzumi yemirilib mulkdorlik munosabatlari shakllanayotgan davrda ajralib chiqqan aslzodalarni bildirgan. Chingizxon imperiyasi tashkil topgan qadar, No’yonlar o’zlariga taalluqli qavmlarga boshchilik qilgan, Mo’g’ullar davlatida (XIII-XIV asrlar) No’yonlar-chingiziy shahzodalar, tumanboshilar, mingboshilar, yuzboshilar, umuman, barcha “oqsuyaklar” (“tsagan yasun”). No’yonlar aksariyat hollarda sechan (chechan), bayan, batur kabi yuqori unvonlarga sazovor etilgan. Etnik tarqoqlik sharoitida (XIV-XVII asrlar) No’yon-markazlashgan xon hokimiyatidan mustaqil bo’lgan mulk hokimlari; ular mustaqil tashqi siyosat yurgizib, o’zlariga qaram elatlarni ekspluatatsiya qilishga to’la huquqli bo’lganlar. XVI-XIX asrlard, asosan, antroponimning komponentiga aylangan va kishi nomidan keyin kelgan. Manjurlar hukmronligi davrida (XVII asr-XX asr boshi) No’yonlar-turli daraja va rutbadagi hokimlar-siyosiy mustaqillikdan mahrum bo’lishgan, biroq o’zlarining mulkdorlik huquqlari va imtiyozlarini daxlsiz saqlab qolishgan. 1911-1919 yillarda No’yonlar yana davlat hokimiyatiga ega bo’lishgan. Xalq inqilobining dastlabki yillardayoq No’yon hokimiyatdan chetlatilib, barcha tabaqaviy imtiyozlardan mahrum etilgan. 1940 yilga kelib, Mo’g’ulistonda mulkdorlar sinf sifatida tugatilishi munosabati bilan, No’yon tarix sahnasidan tushgan.