Nyu-York
Nyu-York — AQShning shimoliy- sharqiy qismidagi shtat. Atlantika okeani sohilida (Long-Aylend oroli ham Nyu-York tarkibida), Kanada bilan chegaradosh. Maydoni 127,2 ming km2. Aholisi 19,2 million kishi (2002); 84% shaharlarda yashaydi. Ma’muriy markazi — Olbani shahri. Yirik shaharlari: Nyu-York, Buffalo, Rochester, Sirakyus. Shtat hududining ko’p qismida Appalachi tog’tizmalari (eng baland joyi 1628 metr) joylashgan. Iqlimi mo’tadil, sernam iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0-8°, iyulniki 20— 23°. Yillik yog’in 800-1000 mm. Yirik daryolari: Gudzon, SanLavrentiy. O’rmonlar bor. Nyu-York — AQShning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan va aholisi zich shtatlaridan. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish va savdo aylanmasi bo’yicha AQShda 1-o’rinda. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmoqlari sut chorvachiligi, parrandachilik, sabzavotchilik, tokchilik. Nyu-York hududini 17-asr boshida Gollandlar bosib olgan. Shtatning mahalliy aholisi qirib tashlangan. 1664 yilda Nyu-Yorkni inglizlar egalladi. 1776 yilda Nyu-York AQShni tuzishda qatnashgan dastlabki 13 shtatdan biri bo’lgan.