Ob
Ob — Rossiya Federatsiyasi va yer sharidagi eng yirik daryolardan biri; Rossiyada sersuvligi jihatidan 3-o’rindagi (Yenisey va Lenadan keyin) Daryo. Oltoydagi biya va katun daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi va G’arbiy Sibir hududini Janubdan shimolga kesib o’tib, Kara dengizining ob qo’ltig’iga quyiladi. Uzunligi 3650 kilometr (Irtish daryosining boshlanishidan hisoblaganda 5410 kilometr), havzasining maydoni 2990 ming km2. Havzasining asosiy qismi (85%) G’arbiy Sibir tekisligida, Janubiy-Sharqiy qismi Janubiy Sibir tog’larida joylashgan (Oltoy, Kuznesk Olatovi, Salair kryaji va tog’li shoriya). Ob havzasiga 150 daryo quyiladi. Havzaning yuqori qismi tog’larda joylashgan bo’lib, u yerdan biya va Katun hamda ko’pchilik irmoklari boshlanadi. Tom daryosi quyilish joyidan quyiroqda Ob sersuv va Irtish daryosiga qo’shilgunga qadar tayga zonasi bo’ylab oqadi. Bu yerda Ob vodiysining eni 30— 50 kilometr va undan ortiq. Chuqurligi 4-8 metr. Yirik irmoqlari: Tom, Chulim, ket, Tim, Vax va boshqalar. Irtish daryosi quyilgandan so’ng Ob shimolga buriladi. Vodiysi keng, assimetrik. Qayiri ham keng (40-50 kilometr). Ob Peregrebnoe shahridan quyiroqda 2 o’zanga — katta ob va kichik Obga bo’linadi. Quyi oqimining asosiy irmoqlari: Kazim, Poluy (o’ngda), shimoliy Sosva, Shchuchya (chapda). Ob Ob qo’ltig’iga Delta (maydoni 4 ming km2dan ortiq) hosil qilib quyiladi. Asosan, qordan to’yinadi. O’rtacha yillik suv sarfi Barnaul shahri yaqinida 1470 m3/ sekund, Salexard shahri yaqinida 12700 m3/ sekund. Obning yuqori oqimida muz 150 kun, quyi oqimida 220 kun erimay yotadi. Ob havzasi har xil tabiiy resurslarga boy. G’arbiy Sibir neft, gaz va ko’mir zaxirasi bo’yicha Rossiyada muhim o’rin egallaydi. Rossiya Federatsiyasidagi barcha torf zaxirasining asosiy qismi shu yerda. Suv, o’rmon va boshqa resurslar ham ko’p. Ob va ob qo’ltig’ida 50 ga yaqin baliq turi uchraydi. Ob havzasining umumiy potentsial gidroenergiya resursi 250 milliard kVt-s. Novosibirsk GES, Buxtarma GES va ust-Kamenogorsk GES ishlab turibdi. Ob — G’arbiy Sibirning asosiy transport magistrali. Obning boshlanish joyidan quyilish yerigacha kema qatnaydi. Ob havzasining asosiy port va pristanlari: Novosibirsk, Tomsk, Surgut, Labitnangi, Pavlodar, Omsk, Tobolsk, Tyumen.