Obmo’ri

Obmo’ri (forscha ob — suv va mo’ri — quvur) — qal’a, istehkom, qo’rg’on va shaharlarni ichimlik suvi bilan ta’minlovchi yer osti suv inshooti. U ikki xil — quduqli va sopol quvurlar yotqizilgan lahim (tunnel)li bo’ladi. Quduqli Obmo’ri — qal’a tubida gumbazsimon suvxona bino qilinib, tubidan quduq qaziladi. Suvxonaga zinapoyalar orqali tushiladi. Lahimli Obmo’ri suv manbalari (soy yoki daryo tarmog’i) qal’a tomon qazilgan lahim bo’ylab tosh yoki pishiq g’ishtlardan novsimon suv yo’li — ariq ishlanadi va unga sopol quvurlar yotqiziladi (masalan, Aksikat shahrining 10-11-asrlarida barpo etilgan mo’risining quvurlari 40 santimetrli bo’lgan). Quvurlardan oqib kelgan suvdan foydalanish maqsadida qal’a ichida bir nechta suvxona va ularga tushish uchun zinali mo’rilar ishlab chiqiladi. Inshootning zinali suvxonasi «kofir mo’ri» anikrog’i («Kofxar mo’ri») deb yuritiladi (ya’ni qasr suvxonasiga tushiladigan mo’ri). Shubhasiz koriz usulida barpo etilgan yer osti suv inshooti Obmo’ri kabi o’rta aerning murakkab gidrotexnikasini yaratgan muhandislar qal’a yoki shahar aholisini, xususan, uning mudofaachilarini ichimlik suvi bilan ta’minlab, qamal vaqtida ularni suv tanqisligida qoldirmaslik chora va tadbirlarini nazarda tutganlar va ularning echimini topa olganlar. Ad.: Muhammadjanov A. R., O’zbekistonning qadimgi gidrotexnika inshootlari, T., 1997.