Ob’yekt

Ob’yekt (lotincha objectum — narsa) — sub’yektga qarama-qarshi bo’lgan hamda insonning amaliy va bilish faoliyati qaratilgan ob’yektiv reallik. Ob’yekt inson va uning ongidan mustaqil ob’yektiv reallik bo’lib, uni bilayotgan individ uchun jamiyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida hosil qilingan faoliyat, til va ilm tarzida namoyon bo’ladi. Ob’yektni 2 turga: nazariy va empirik Ob’yektga bo’lish mumkin. Lekin ular faoliyatning har xil sohasi emas. Ba’zida nazariy bilishning predmetlari (masalan, ideal gazlar va boshqalar) Ob’yekt sifatida real mavjud bo’lmay, balki o.ning empirik bilimda qamrab bo’lmaydigan tomonlarini ko’rsatish usuli hisoblanadi. Masalan, atomlar, elementar zarrachalar kabi nazariy Ob’yektlar ontologik jihatdan, asosan, makrojismlardan farq qilmaydi: hamma hollarda ham nazariy Ob’yekt haqidagi bilimdan empirik Ob’yektlarni tushuntirish uchun foydalaniladi. Har qanday holatda ham empirik bilishdan nazariy bilish sari borish muayyan Ob’yektdan uzoqlashish emas, balki Ob’yektning empirik yo’l bilan aniq anglash mumkin bo’lmagan haqiqiy mazmunini chuqur nazariy aks ettirish usulidir.