Odam Konstitutsiyasi

Odam Konstitutsiyasi, tana Konstitusiyasi (qomati) — odam organizmining o’ziga xos alohida morfologik va funktsional xususiyatlari majmui. Tabiiy va irsiy omillarga bog’liq. Odam Konstitutsiyasi tabiat va ma’lum bir jamiyat tuzumi ta’sirida o’ziga xos morfologik va fiziologik xususiyatlarga ega bo’lgan individual belgilar yig’indisidan vujudga keladi. Odam qomati o’z avlodi (nasli) dan orttirgan asosiy xususiyatlari zaminida rivojlanadi. Odam Konstitutsiyasining har xil bo’lishi nasliga, tashqi muhit ta’siriga, ijtimoiy sharoitga, kasbiga va iqtisodiy ahvoliga bogliq. Odam Konstitutsiyasi morfologik tuzilishiga qarab 3 turga ajratiladi: a) keng elkali past bo’ylilar; bunday odamlarning elkalari keng, gavdalari vazmin, baquvvat va tiqmachokdek, qorinlari ko’kragiga nisbatan katta, tananing ko’ndalang o’lchami bo’yicha nisbatan uzunroq bo’ladi; b) uzun bo’yli, tor ko’kraklilar — bo’ylari uzun, organizmi zaifroq, vazni engil, qo’l va oyoqlari uzun, ko’kraklari qorin qismidan katta; v) o’rta bo’ylilar — past va uzun bo’ylilar oraligidagi odamlar. Odamning qomati uning ichki a’zolari tuzilishiga ham ta’sir qiladi, jumladan, past bo’yli odamlarning diafragmasi yuqori, uzun bo’ylilarda esa hamma a’zolar hajmi kichik va pastroq joylashgan bo’ladi.