Og’riq

Og’riq — o’ta kuchli yoki yemiruvchi ta’sirlovchilarga javoban organizmda ro’y beradigan noxush fiziologik jarayon, organizmning himoyalanish reaktsiyasi. Og’riq butun organizm yoki organlar funktsiyasining buzilganligi haqida, kasallik to’g’risida ogohlantiradi, uni aniqlashga va to’g’ri davolashga imkon beradi. Shu bilan birga Og’riq sezgi hissiy kechinma sifatida kishini yozadi, unga orom va uyqu bermaydi, ish qobiliyatini pasaytiradi va boshqalar. Og’riq haddan tashqari kuchli bo’lsa, shok ro’y berishi mumkin. Og’riq ko’proq ta’sirlovchining kuchiga bog’liq. Agar teri, shilliq pardalari, suyak usti pardasi qattiq shikastlangan bo’lsa, Og’riq kuchli bo’ladi. Ichak funktsiyasidagi ozgina buzilishlar kuchli Og’riqqa sabab bo’lishi yoki, aksincha, bosh miya, buyrakning jiddiy zararlanishlari og’riqsiz o’tishi mumkin. Og’rituvchi ta’sirotga javoban organizmda bir qancha o’zgarishlar ro’y beradi; qon tomirlari torayadi, qon bosimi ko’tariladi, qonning ivish xossasi oshadi, qondagi qand miqdori ko’payadi. Og’riq bevosita paydo bo’lgan joyida (masalan, gastritda to’sh ostida) yoki bu joydan ancha uzoqda (masalan, siydik toshi kasalligida jinsiy a’zolar va chovda) sezilishi va nervlar orqali gavdaning muayyan sohalariga tarqalishi mumkin, buni og’riq irradiatsiyasi deyiladi. Ichki a’zolarning kasalliklarini aniqlashda og’riq turi va irradiatsiya xarakteri nazarda tutiladi. Og’riq sezgisi bosh miya po’stlog’ida shakllanib, keyin periferiyada aks etadi. Lo’qillovchi, sanchuvchi, kesuvchi, lovullatuvchi, simillovchi, timdalovchi va boshqa xil Og’riqlar bo’ladi. Bosh og’rig’i, yurak sohasidagi va qorin sohasidagi Og’riqlar hayotga jiddiy xavf soladigan og’riqlardir. Yurak sohasidagi Og’riq ko’krak qafasining chap tomonida yoki to’sh orqasida bo’ladi. Og’riq birdan yoki asta-sekin boshlanadi. Og’riq bir lahzada o’tib ketishi yoki anchagina davom etishi mumkin. Ko’proq yurak hamda boshqa a’zolar kasallanganda uchraydi. Tush orqasida siqib boshlanadigan Og’riq jismoniy zo’riqqanda yoki tinch holatda ham kuzatiladi, bu stenokardiyaga xos bo’lib, tibbiy yordam ko’rsatishni talab etadi. Ko’krak qafasining chap tomonidagi Og’riq revmatizmda, shuningdek, yurak atrofidagi a’zolar zararlanganda, kamqonlikda va boshqa kasalliklarda paydo bo’ladi. Yurak sohasidagi Og’riq ko’pincha nevrozlarda yurak nerv apparatining funktsional buzilishlari, ichki sekretsiya bezlari faoliyatining o’zgarishi, turli intoksikasiyalarda (masalan, chekish yoki ichkilikka ruju qilgan kishilarda) kuzatiladi. Og’riqqa davo qilish uni yuzaga keltirgan sababchisini bartaraf etishdan iborat. Og’riqlardan o’tkir qorin og’rig’iga e’tiborsizlik bilan qarab bo’lmaydi, chunki bu xil Og’riq qorin bo’shlig’i organlarining jiddiy kasalliklari (o’tkir appendisit, me’da yoki ichak yarasining teshilishi, ichak buralishi, ichakning tutilib qolishi, qorin bo’shlig’iga ko’p qon oqishi, o’tkir pankreatit va hokazolar)dan dalolat beradi. Qorinda Og’riqning kelib chiqish sababini faqat vrach aniqlaydi va tegishli davo tayinlaydi. Bemorning o’zi yoki atrofidagi kishilarning Og’riq sababini bilmay turib, o’z bilgicha davo qilishga urinishlari bemor ahvolini og’irlashtirib qo’yishi mumkin. Bolalardagi qorin og’rig’ini ota-onalar ko’pincha «ich buzilishi» deb o’ylashadi. O’z bilgicha og’riq qoldiruvchi dorilar, surgi ichish, klizma qilish qatiy man etiladi. Bu xil muolajalar kasalliklarni aniqlashda, diagnoz qo’yishda vrachni chalg’itishi mumkin. Umuman Og’riqning qamma turida ham vrachga ko’rinib, uning ko’rsatmalariga amal qilish tavsiya etiladi.