Oila pudrati

Oila pudrati — mehnatni tashkil etishning ichki xo’jalik shakli, jamoa pudrati ko’rinishlaridan biri. Bunda oila pudratchi bo’lib shartnoma tuzadi. Shuningdek, Oila pudrati tomoyilida qarindoshchilik aloqalari bo’lmagan kichikroq jamoalar (5 kishigacha) ham ishlashi mumkin. Xo’jalik bilan Oila pudrati munosabatlar pudrat shartnomasi bilan kelishib olinadi. Oila pudratida ishlayotgan jamoa ishlab chiqarish vositalaridan foydalanadi. Ular yetishtirgan mahsulot shirkat xo’jaligi mulki hisoblanadi. Oila pudratida xodimlar faqat mahsulot ishlab chiqarish bilan band bo’ladi, moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti, qurilish, mahsulot topshirish, ijtimoiy va agrozootexnika xizmati masalalarini xo’jalik rahbariyati hal etadi. Oila pudrati ilgaridan paxtachilik, yaylov chorvachiligi, pillachilik, mevachilik va sabzavotchilik, tamakichilik kabi qo’l mehnati ko’p talab qilinadigan tarmoqlar qo’llanib kelingan. Hozirgi sharoitda Oila pudrati ishlab chiqarish jarayonlari mexanizatsiyalashgan sohalarda ham keng qo’llanilmoqda. Oila pudrati jamoa pudrati imkoniyatlari bilan birga o’ziga xos xususiyatlarga ega, masalan, mehnatga haqto’lashni soddalashtiradi, chunki har bir hodimning mehnatda ishtiroki koeffitsientini hisobga olishga zarurat qolmaydi. Oila pudrati bolalarning mehnattarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, shaxsiy va ijtimoiy ishlab chiqarishni qo’shib olib borish uchun qulay sharoit yaratadi. Qishloq xo’jalik korxonalari bilan munosabatlar xo’jalik hisobi asosida quriladi. Oila pudratida ishlayotganlarga, imkoniyatiga qarab, ishlab chiqarish vositalari (yer , texnika va boshqalar) ni uzoq (3 yildan kam bo’lmagan) muddatga ijaraga beriladi. Ajratilgan resurslar doirasida mahsulot ishlab chiqarish bo’yicha o’zaro kelishilgan vazifalar belgilanadi, iqtisodiy sanktsiyalar kelishib olinadi. Aniq ishlab chiqarish sharoitidan kelib chiqib, ish va dam olish rejimini oilaning o’zi tartibga soladi. Oilaviy mehnat xarakteriga yalpi daromadga qarab haq to’lash ko’proq to’g’ri keladi, bunda qishloq xo’jalik korxonasi oila yetishtirgan mahsulotni sotib oladi, oila esa, o’z navbatida, mahsulot yetishtirish uchun sarflangan moddiy vositalarga haq to’laydi. Daromad bilan xarajatlar o’rtasidagi farq mehnatga haq to’lashga sarflanadi. Oila ijara pudratida ham ishlashi mumkin. Bunda oila yer, texnika, chorva va boshqa ishlab chiqarish vositalarini uzoq muddatga ijaraga olib, mustaqil xo’jalik yuritadi va xo’jalik daromadidan o’z hissasini oladi.