Olma

Olma (Malus) — ra’nodoshlar oilasiga mansub, barg to’kuvchi daraxtlar yoki butalar turkumi; urug’li meva daraxti. Shimoliy va Janubiy yarim sharning mo’tadil mintaqalarida Olmaning 25— 30 turi, jumladan, O’rta va Sharqiy Osiyo, O’rta Osiyo va Kavkazda 10 turi tarqalgan. Ekiladigan mevali daraxtlar orasida maydoni jihatidan birinchi o’rinda turadi. Yalpi olma hosili bo’yicha AQSh (4,8 million tonna), Xitoy (22,01 million tonna) oldingi o’rinlarda turadi (1999). Jahon bo’yicha yalpi hosili 60,2 million tonnani tashkil etadi (1999). O’zbekistonda -0,4 million tonna AQSh, Chili, Xitoy, Rossiya, Eron, Turkiya, Frantsiya, Italiya mamlakatlarida olmazorlar katta maydonlarni egallaydi. O’zbekistonda 8 turi yovvoyi holda uchraydi. Dunyo bo’yicha etishtiriladigan navlarining asosiy qismi xonaki Olma (M.domestica) turiga kiradi. Past bo’yli Olma (M.pymila) turiga kiradigan dusen va paradizkadan mevachilikda payvandtag sifatida foydalaniladi. Olma sovuqqa chidamli, yorug’sevar va namsevar, tuproq tanlamaydi, lekin unumdor tuproqlarda yuqori hosil beradi. Olma daraxti bo’yi 15 metrgacha boradi. O’zbekistonda Olma aprel oyida gullaydi. Guli 5 bo’lakli, gultojibargi oq, pushti, ayrimlari qizil. Mevasi, naviga qarab, iyun— oktabrda pishadi. Bir dona mevasi vazni 15 grammdan 400 grammgacha boradi. Tarkibida (%) fruktoza 6,5—11,8, saxaroza 2,5—5,5, organik (olma va limon) kislotalar 0,2— 1,6, vitamin S 5-30 mg, pektin, oshlovchi moddalar va boshqalar mavjud. Mevasi yangiligida yeyiladi, qoqi, konserva, murabbo, jem qilinadi. Olma urug’idan hamda payvandlash, parxish qilish yo’li bilan ildiz bachkilaridan ko’paytiriladi. Hosildorligi 130— 300 ts/ga. Daraxti 100 yilgacha yashaydi. Odatda, bog’ga o’tqazilganidan keyin 4 yil o’tgach, hosilga kiradi. 40-50 yil mo’l hosil beradi. Ko’chati kuzda va bahorda 30-60 santimetr chuqurlikda haydalgan yerga ekiladi. Ko’chat o’tqaziladigan chuqurga 5-6 kilogramm chirigan go’ng, 150 gramm ammiakli selitra, 200 gramm superfosfat tuproqqa aralashtirib solinadi. Ko’chatlar 8><8 metr, 8×6 metr, past bo’yli payvandtaglarga ulangalari 4×6 metr, 3X5 metr, 4×4 metr sxemada ekiladi. Yosh daraxtlar 8-12 marta, hosilga kirganlari 4-6 marta sug’oriladi, tup va qator oralari yumshatib turiladi. Hosilga kirgan Olmazor gektariga har uch yilda 20-40 tonna chirigan go’ng va har yili sof holda 120 kilogramm azot, 60-90 kilogramm fosfor, 30 kilogramm kaliy hisobidan o’g’itlanadi. Daraxtlar har yili kuzda va bahorda butaladi. O’rta Osiyoda ekiladigan Olma navlari kelib chiqishi bo’yicha quyidagi guruxlarga bo’linadi: xalq selektsiyasi yo’li bilan yetishtirilgan O’rta Osiyo mahalliy navlari — oq olma, qizil olma, Samarkand olmasi, Namangan olmasi, achchiq olma, qimizak olma, Xorazm olmalari guruhi va boshqalar. Olmaning mahalliy navlari O’zbekistonning tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan, issiqqa, sovuqqa chidamli. Mevasi shirin, ertapishar; G’arbiy Yevropa, Amerika, AQSh navlari — Rozmarin, Mantuaner, Starkrimson, Skarlet, Parmen. Vaynsep va Golden Delishes, Delishes, Jonatan, Borovinka; Ukraina navi — Renet Simerenko; Qrim navlari — Kandil, sari sinap (Olmaning bu guruh navlari O’zbekistonga dastlab 19-asr 2-yarmidan boshlab, O’rta Osiyoni Rossiya bosib olgandan keyin, ruslar tomonidan, so’ngra 20-asrning 20-yillaridan boshlab O’zbekistondagi ilmiy tadqiqot muassasalari tavsiyasi bilan keltirilgan). Shreder nomidagi bogdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institute selektsionerlari etishtirgan yangi navlar — Samarqand a’losi; Afrosiyobi, — hosildor, Toshkent borovinkasi, Mehmoniy, tilla olma, nafis va boshqalar. Bu navlar hosildor, mevasi mahalliy sharoitga moslashgan, ko’rinishi chiroyli, mazali; sovuqqa va issiqqa chidamli. Zararkunandalari; olma qurti, olma qo’ng’izi, bitlar, olma kuyasi. Suyaton Xolnazarov.