Oltiariq

Oltiariq — Farg’ona viloyati Oltiariq tumanisagi shaharcha (1980 yildan). Tuman markazi. 470 metr balandlikda. Viloyat markazi (Farg’ona shahri) dan 36 kilometr, yaqin temir yo’l stantsiyasi — Oltiariq (6 kilometr). Aholisi 11 ming kishi (2003), asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, uyg’ur, tatar, Ozarbayjon va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Oltiariqdan Marg’ilon—Qo’qon, Vodil—uchuy avtomagistrallari o’tgan. Aholi orasidagi rivoyatda shaharchaning qadimgi nomi Laylakxona yoki Laklakxona (ahrli zich joylashgan yer ma’nosida) bo’lgan deyiladi. Oltiariqsoy Qapchig’ay darasida 6 qishloq (Povulg’on, Polosoy, Laylakxona, Yangiqo’rg’on, Jo’ra va Kitkon) ariqlariga bo’lingan. Oltiariq nomi shundan kelib chiqqan va keyinroq shaharcha va tuman nomiga o’tgan. Xonlik davrida (18— 19-asrlar) Oltiariq Marg’ilon viloyati Oltiariq bekligining markazi bo’lgan. Oltiariqning Bug’doychi mahallasida o’tmishda xonlarning kichik O’rda deb nomlangan yozgi qarorgohi joylashgan (hozirgi O’rdaning paxsa devori qoldiqlari saqlangan). Shaharchada tuman hokimiyati binosi, ma’muriy idoralar, 50 dan ziyod sanoat, transport, aloqa, qurilish korxonalari va boshqa muassasalar bor. «Paxtabank», «Asakabank», Xalq banki, dehqon bozori, 3 umumiy ta’lim maktabi, madaniyat saroyi, 3 jamoat kutubxonasi, tuman tarixi muzeyi, tennis korti, Markaziy kasalxona, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. «Motamsaro ona» haykali o’rnatilgan Markaziy xiyobon, Mustaqillik maydoni mavjud.