Oltin-valyuta zaxiralari

Oltin-valyuta zaxiralari -mamlakatning Markaziy emissiya banki yoki xazinasida quyma (yombi) va tanga shaklida to’plangan markazlashgan oltin rezerv fondi. Oltin-valyuta zaxiralariga hukumat va Markaziy banklarga tegishli bo’lgan oltin quymalari va oltin tangalar, xorijiy bank hisob raqamlaridagi valyuta mablag’lari, xorijiy mamlakatlar banknotlari, tangalari va davlat qimmatli qog’ozlari, shuningdek, xalqaro valyuta fondi (XVF)dagi rezerv pozisiyalari kiradi. Oltin-valyuta zaxiralari mamlakatning pul birligini mustahkamlash, uni barqaror ushlab turish, shuningdek, ichki valyuta bozorini zaruriy valyuta mablag’lari bilan ta’minlash maqsadida shakllantiriladi. Markaziy bank va boshqa moliya institutlari tomonidan saqlanadigan Oltin-valyuta zaxiralari hajmi xalqaro va mintaqaviy valyuta-kredit hamda moliyaviy institutlarning xorijiy bank hisob raqamlaridagi xalqaro to’lovlar uchun mo’ljallangan mablag’lari hisobidan to’ldirib boriladi. Oltin-valyuta zaxiralarini shakllantirishda erkin muomaladagi, ya’ni boshqa valyutalarga to’siqlarsiz ayirboshlash mumkin bo’lgan valyutalar ham muhim o’rin tutadi. Oltin (quyma va tanga ko’rinishida) yuqori likvidlikka ega bo’lgan xalqaro mablag’lar orasida muhim ahamiyatga egaligini saklab kelmoqda. XVFga a’zo mamlakatlar o’zlarining Oltin-valyuta zaxiralariga XVFdan erkin talab qilib olish mumkin bo’lgan valyuta qoldiqlarini kiritib borishga alohida e’tibor beradi. Ushbu mablag’dan XVF kapitaliga oltindan berilishi lozim bo’lgan to’lov kvotasini o’tkazib berishda foydalaniladi. 1970 yildan boshlab esa ushbu to’lov kvotasini har bir davlat uchun belgilangan biror fond valyutasida to’lash huquqlari joriy etildi. Oltin-valyuta zaxiralari xalqaro mablag’larining zaxira fondi vazifasini bajaradi qamda to’lov balansi taqchilligini qoplash va valyuta bozorida milliy valyuta kursini ushlab turish maqsadida interventsiya qilish uchun foydalaniladi. Uning optimal qiymati tashqi likvidlikni, ya’ni mamlakatning xorijiy mamlakatlarga bo’lgan to’lovlarini o’z vaqtida, uzluksiz ta’minlash uchun etarli bo’lmog’i lozim. Oltin-valyuta zaxiralarining kamayishi mamlakatning valyuta siyosati salbiy ekanligidan dalolat beradi. O’zbekistonda so’nggi 5-6 yil davo-mida Oltin-valyuta zaxiralarining hajmi mamlakatning 5 oylik import hajmini qoplay olish darajasida saqlanib kelinmoqda. Xalqaro tajribaga muvofiq, mamlakatning Oltin-valyuta zaxiralarining hajmi mazkur mamlakatning 3 oylik import hajmidan kam bo’lmasligi lozim. Fayzulla Mullajonov.