Ommaviy qo’shiq

Ommaviy qo’shiq – qo’shiq turi; xalq orasida ommalashuviga mo’ljallangan kompozitor asari. Ko’pincha jamoaviy (xor) tarzda, cholg’u jo’rligisiz ijro etiladi. Ommaviy qo’shiq namunalariga band (band-naqarot) shakli, yorqin, esda qoladigan kuyi, ayni paytda, musiqiy va she’riy bayonining oddiyligi, kuy hajmining o’rta vokal registrga asoslanganligi xosdir. Asosan, namoyish, miting, yirik yig’ilish kabi jamoaviy tadbirlarda ijro etiladi. Ilk namunalari Buyuk Frantsiya inqilobi davrida yuzaga kelgan (masalan, «Marseleza» — hozirda Frantsiya Davlat madhiyasi). Inqilobiy qo’shiq, harbiylar (safda ijro etiladigan) qo’shig’i, Davlat madhiyasi kabi turlari bor. O’zbekistonda 20-asrning 1-choragida yuzaga kelgan (Hamzaning «biz ishchimiz», «Xoy ishchilar» va boshqalar), keyinchalik bastakor (T. Jalilov, K. Jabborov va boshqalar) va kompozitor (S. Yudakov, M. Burhonov) lar ijodida o’rin olgan.