Omonullaxon

Omonullaxon (1892.1.6, Kobul -1960.25.4, Syurix) — Afg’oniston amiri (1919-29), barakzaylar sulolasidan. Amir Habibullaxonning o’g’li. Otasi saroy fitnasi natijasida o’ldirilgach, taxtga chiqqan (1919 yil 21 Fevral), Afg’oniston mustaqil davlat deb e’lon qilingandan so’ng (1919 yil 28 Fevral), Angliya tomonidan uchinchi ingliz-afg’on urushi boshdangan (1919 yil 6 may). Bu urushda afg’onlar g’alaba qilib, ravalpindida tinchlik shartnomasi imzolangan (1919 yil 8 avgust). Rossiya, Turkiya, Eron, Germaniya, Italiya va Frantsiyaga favqulodda missiyalar yuborib, bu davlatlar bilan yosh Afg’oniston o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatdi. Omonullaxon Yosh afyunlar ta’sirida Afg’onistonda muhim islohotlar o’tkazgan. Abdulquddusxon Ittimodiy bosh vazir, Mahmud Tarziy tashqi ishlar vaziri, general Muhammad Nodirxon (Nodirshoh) harbiy vazir bo’ldi. Afg’oniston Konstitutsiyasi qabul qilingan (1923). 1927 yil dekabr — 1928 yil iyunda Hindiston, Turkiya, Eron, SSSR va boshqa mamlakatlarda bo’lib, G’arb turmushidagi taraqqiyparvar an’analarini Afg’oniston hayotiga tatbiq qilishga intilgan. Biroq Omonullaxonning islohotlari qattiq qarshilikka uchradi. Bir tomondan, mulla Levanay boshchiligidagi Janubiy qabilalarning Markaziy hokimiyatga qarshi isyonlari kuchaygan bo’lsa, ikkinchi tomondan, hukumat ichidagi konservativ fikrlovchi ayrim Vazirlar (Nodirxon va boshqalar) muxolifatga qo’shilgan. 1928-29 yillarda tojik dehqoni Habibulla-Bachai Saqqo rahbarligida shim.da ko’tarilgan qo’zg’olon natijasida Omonullaxon taxtdan voz kechishga majbur bo’lgan (1929 yil 14 yanvar) va Qandahorga qochib ketgan. Afg’oniston tashqi ishlar vaziri G’ulom Siddiqxon va mamlakatning SSSR dagi elchisi G’ulom Nabixon Charxiy Moskvada I.V.Stalin bilan uchrashgach, Omonullaxonga harbiy yordam ko’rsatish haqidagi rasmiy taklif qondiriladi (1929 yil mart). V. Primakov boshchiligidagi sovet harbiy qismlari Afg’onistonga kiritilgan (1929 yil 14 aprel — 31 may). Biroq 1929 yil may oyining oxirida yangi Amir — Habibullaxonga qarshi kurashni to’xtatib, Omonullaxon 20 xalta tilla (10 million oltin tilla) va boshqa qimmatbaho boyliklar hamda qarindosh-urug’larni olib, avval Hindiston, so’ngra Italiyaga jo’nashgan. 1948 yilda Afg’onistondagi mavjud siyosiy hokimiyatni tan olgach, uning fuqarolik huquqlari tiklandi. Jalolobod (Afg’oniston)da dafn etilgan. Ad:. Nazarov X., Sosialnie dvijeniya 20-godov XX veka v Afganistane, Dushanbe, 1989; Rajabov Q., Buxoroga Qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T., 2002.