Opera

Opera (lotincha opera — mehnat mahsuli, asar) — musiqali dramatik san’at janri. Opera qorishma (sintetik) janr bo’lib, o’zida bir nechta san’at turlarini mujassam etadi; unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy san’at va raqs san’ati shakllari yaxlit sahnaviy jarayonda uzviy bog’lanadi. Lekin musiqa ular orasida yetakchi o’rin egallaydi. Operaning adabiy asosi — librettodagi voqealar musiqiy dramaturgiya vositalari bilan, avvalo, vokal musiqa shakllarida gavdalantiriladi. Qahramonlarning hissiy kechinmalari, asosan, yakkaxon xonandalar ijrosidagi ariya, kavatina kabi tugal musiqa lavhalarida o’z ifodasini topadi. Operadagi rechitativ tugal musiqa shakllarini o’zaro bog’lab, musiqiy dramaturgiya jarayonida muhim vazifalar bajaradi. Turli vokal ansambl (duet, trio va boshqalar)larda qahramonlarning o’zaro munosabatlari, dramatik voqealar o’z aksini topadi. Xor ro’y berayotgan voqealarning izohlovchi vositasi vazifasini bajaradi, uning yordamida xalq hayoti lavhalari gavdalanadi. Operada orkestr ham katta o’rin egallaydi: vokal shakllarga jo’r bo’ladi, mustaqil cholg’u qism (antrakt, uvertyura, introduktsiya va boshqalar)larda vaziyatning mazmunini ochib beradi, har bir sahnaning ruhiy holatini ifodalashga yordam beradi. Operaning tuzilishi uning g’oyaviy maqsadiga, syujet xususiyatlariga, musiqiy-ijodiy maktab an’analari va uslublariga hamda kompozitorning ijodiy tafakkuriga bog’liq. Opera san’atning alohida turi sifatida 16-asr oxirida Florentsiya (Italiya) da yuzaga keldi: Ya. Perining «Dafna» (1598) va «Evridika» (1600) asarlari. Opera keyinchalik Yevropaning boshqa mamlakatlarida tarqalib, tarixiy rivoji davomida turli xillariga ega bo’ldi: frantsuz «liriktragediyasi» (J.B. Lyulli, J. F. Ramo) va katta opera (L. Ober, J. Meyerber), italyan Opera-seria — jiddiy Opera (A.Skarlatti va Neapolitan opera maktabi) va Buff-opera (J. Pergolezi, J. Paiziello, D. Chimaroza), nemis zingshpili (I. Xiller, V. A. Mosart va boshqalar), ingliz ballada Operasi (J. Pepush), ispan Sarsuela va tonadilyasi (V. Garsia) va boshqalar. 18-asr Yevropa kompozitorlik ijodiyotida Sharq, xususan, o’zbek mavzulariga qiziqish kuchaygan va Italiyada A. Skarlatti (1706), N. Porpora (1730), A. Vivaldi (1735), A. Sakkini (1773), A. Sapientsa — o’g’li (1828), Germaniyada G. Gendel (1724) va G. Teleman (1729)lar Amir Temurni o’z operalarida bosh qahramon sifatida gavdalantirishgan. Mazkur qiziqish 19-20-asrlarda yanada kengayib bevosita O’zbekiston bilan bog’liq asarlar Angliya, Armaniston, Belorussiya, Rossiya va boshqalarda ko’paydi. 19-asrda romantik Opera rivoj topdi (K. M. Veber, V. Bellini, G. Donitsetti va boshqalar), yangi milliy Opera maktablari yuzaga keldi (Rossiyada — M. Glinka va A. Dargomijskiy, Polshada S. Monyushko, Chexiyada B. Smetana, Vengriyada F. Erkel, Ukrainada S. Gulak-Artemovskiy, Gruziyada M. Balanchivadze va boshqalar). 20-asrda Opera— oratoriya (A. Onegger), Opera—cantata (K. Orf), kamer Opera (F. Pulenk), qo’shiq Operasi (K. Vayl), rok-opera (E. L. Uebber) kabi yangi turlari yuzaga keldi, Opera janri modernizm yo’nalishlari (impressionizm — K. Debyussi, ekspressionizm — R. Shtraus, A. Shyonberg, A. Berg, neoklassisizm — F. Buzoni, I. Stravinskiy va hokazolar) ta’sirida rivoj topdi. K. Monteverdi, J. Rossini, J. Verdi, J. Puchchini, K. V. Glyuk, B. A. Mosart, R. Vagner, L. Kerubini, Sh. Guno, J. Vize, M. Musorgskiy, P. Chaykovskiy, S. Prokofev, D. Shostakovich, B. Bartok, Z. Koday, B. Britten, J. Gershvin va boshqalar. Opera san’ati rivojiga ulkan hissa qo’shishdi. O’zbekistonda Opera janri o’zbek mushkeli dramasining rivoji asosida, shuningdek, chet el mumtoz o.sining ta’sirida yuzaga kelgan. 19-asrning oxiri—20-asr boshlarida Toshkentga bir nechta (gruzin — 1894; 1907-15 yillarda — italyan, tatar, rus, Ozarbayjon) Opera truppalari gastrolga kelgan. 1918 yildan Toshkentda Rus opera teatri o’z faoliyatini boshlagan. 1929 yilda M. Qoriyoqubov tashabbusi bilan o’zbek musiqali teatri ishga tushdi. Uning repertuari, asosan, musiqali dramalardan iborat bo’lgan. Mazkur teatr sahnasida o’zbek tilida qo’yilgan birinchi operalar — «Yer Targ’in» (E. Brusilovskiy, 1937) va «Nargiz» (M. Magomayev, 1938)dir. o’zbek opera va balet truppasi O’zbek musiqali teatri zaminida yuzaga kelib, 1939 yil S. Vasilenko va M. Ashrafiyning «bo’ron» Operasi bilan o’z faoliyatini boshlagan. Dastlabki o’zbek operalari o’zbek va rus kompozitorlarining ijodiy hamkorligi natijasida hamda O’zbekistonda ijod qilgan rus kompozitorlarining mahalliy mavzudagi ijodida rivoj topgan (R. Glier, T. Sodikrv, «Layli va Majnun», 1940; «Gulsara», 1949; A. Kozlovskiy, «Ulug’bek», 1942). Shu davrda o’zbek tilida jahon mumtoz Opera namunalari (J. Bizening «Karmen», 1944; P. Chaykovskiyning «Yevgeniy Onegin», 1947 va boshqalar) ham sahnalashtirildi. Keyinchalik o’zbek kompozitorlarining afsonaviy-romantik, tarixiy, lirik, zamonaviy mavzulardagi mustaqil Operalari paydo bo’ldi: «Dilorom», «shoir kalbi» (M. Ashrafiy), «Hamza» (S. Boboyev), «Xorazm qo’shig’i» (M. Yusupov) va boshqalar. Birinchi o’zbek hajviy Operasi «maysaraning ishi» (S. Yudakov) bo’lib, bir nechta chet mamlakatlar teatrlarida quyilgan. «Yoriltosh» (S. Boboyev) birinchi o’zbek bolalar Operasidir. 1970-80 yillari o’zbek kompozitorlari Opera janrini mavzu jihatidan boyitishdi. Shu davr ichida tarixiy — «mangulik» (U. Musayev), «Fidoyilar» (S. Boboyev), zamonaviy — «sadoqat» (R. Abdullayev), atoqli shaxslarga bag’ishlangan — «Sug’d elining qoploni» (I. Akbarov), «Zebunniso» (Sayfi Jalil), «Alisher Navoiy» (M. Burhonov), shuningdek, kamer Operalar — «sohilda to’qnashuv» (N. Zokirov), «ona qalbi» (HAB. Rahimov) va boshqa Operalar sahnalashtirildi. Mustaqillik davri o’zbek Operalarida janr talqini, mavzu va mazmun doirasi yanada kengaytirilib, boyitildi: jahon mumtoz adabiyoti (N. Zokirovning Shekspir tragediyalari asosida yaratilgan «Hamlet» va «Makbet» Opera-dilogiyasi), hozirgi zamon ijtimoiy muammolari (N. Zokirovning «muxtoriyat» opera-farsi, O. Abdullaevaning «Vafo», F. Yanov-Yanovskiyning «Orkestr» Operalari), tarixiy shaxslar siymolari (M. Bafoevning «Al-Farg’oniy») va falsafiy mavzular (I. Akbarovning «Ibtido xatosi» Opera- oratoriyasi) Opera janrini keyingi rivojini belgiladi. Mazmunni talqin qilishda asosiy urg’u milliy hamda umumbashariy ma’naviy qadriyatlarni tarannum etishga, murakkab vaziyat va psixologik holatlarni chuqur ifoda etishga qaratildi. Bu davrda o’zbek kompozitorlari Opera asarlarida o’zbek xalq musiqa merosi va milliy ijrochilik an’analarini zamonaviy ifoda va texnik vositalar bilan uzviy bog’lashga ahamiyat berdilar. Ad.: Pekker Ya., O’zbekskaya opera, M., 1984; Murodova D., Mustaqillik davri O’zbekiston kompozitorlik ijodiyoti to’g’risida, — musika ijodiyoti masalalari, T., 2002. Dilera Murodova, To’xtasin G’afurbekov.