Otaboyev Nosir Aminjonovich

Otaboyev Nosir Aminjonovich (1938.12.8, Farg’ona) — rejissyor, O’zbekiston (1983) va Qoraqalpog’iston Respublikasi (1999) san’at arbobi. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1965). Hamza teatrida rejissyor (1965-69), Farg’ona teatrida (1970-86), satira teatrida (teatr tashkilotchilaridan; 1986-88), Muqimiy teatrida bosh rejissyor (1988-91; 1994-96), rejissyor (1996-2001). «Oq kabutar» (F. Musajonov), «Veronalik ikki yigit» (U. Shekspir), «Bo’ron qushi» (R. Ishmurodov), «Mirzo Ulug’bek» (M. Shayxzoda) va boshqalar. Otaboyev sahnalashtirgan (Hamza teatrida) dastlabki spektakllardir. Farg’ona teatrida «kumush tuy» (Z. Fatxullin; Ik. Akbarov), «yaylov tongi» (Tamkin; S. Hayitboyev), «Oltin devor» (E. Vohidov), «Zavqiy» (Q. Mahkamov; S. Hayitboev), «tanbur nolasi» (M. Xalil; H. Rahimov), «Parvoz» (Uyg’un), «Bir o’likka bir tirik» (A. Ibrohimov), «Insonlikka nomzod» (O’. Umarbekov), «O’tgan kunlar» (A. Qodiriy); Muqimiy teatrida «gul va Navro’z» (S. Abdulla; T. Jalilov), «mushkul savdo» (M. Boboyev; S. Hayitboev), «Bashorat» (E. Samandar; S. Hayitboyev) singari spektakllar, bolalar uchun bir qancha musiqali ertaklarni sahnalashtirdi. Satira teatri u sahnalashtirgan «tobutdan tovush» (A. Qahhor) spektakli bilan ochilgan. Keyinroq «temir xotin» (Sh. Boshbekov), «sabil qoldi» (F. Musajonov), «Gap egasini topadi» (S. Ahmad, O. Farmon, N. Otaboyev) kabi satirik komediyalarni sahnallashtirdi. 1992 yildan har yili respublikamizda o’tkaziladigan Mustaqillik va Navro’z bayramlari, shahar va shaxslar yubileylari, teatr va qo’shiq festivallarini o’tkazish tomoshalarini sahnallashtirishda katta hissa qo’shib kelmoqda.