Oqbeshim
Oqbeshim — shahar xarobasi. Qirg’izistondagi Chu vodiysida, to’qmoq shahridan 12 kilometr Janubi-g’arbda joylashgan. 1894 yil V. V. Bartold tomonidan ochilgan. U 10-12-asrlardagi Qoraxoniylar davlatining poytaxti Bolasog’un Oqbeshim o’rnida bo’lgan deb taxmin etgan. Oqbeshim Shahriston, Ark, mustahkamlangan rabod va viloyatni ko’chmanchilar hujumidan mudofaa etish maqsadida qurilgan. «Uzun devor» dan tarkib topgan. Shahar majmuasiga Kichik Oqbeshim (shahar xarobasidan shimoli-g’arbda joylashgan qal’a) ham kirgan. 1938-40 yillarda Oqbeshimni A. N. Bernshtam tadqiq etib qisman qazishma ishlarini olib borgan. 1953-54 yillarda L. R. Kizlasov shahristonning madaniy qatlamida (5-10-asrlar) 4 qurilish davrini aniqlagan. Oqbeshim rabodida 6-8-asrlarga oid yodgorliklar o’rganilgan. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Oqbeshimdagi shahar hayoti 10-asrga kelib barham topdi, shuning uchun Bolasog’un bilan aynan deb hisoblash noo’rin bo’lib chiqdi.