Oqsaroy

Oqsaroy — Shahrisabzdagi me’moriy yodgorlik (1380-1404). Amir Temur qurdirgan. Shaharning shimoliy- sharqidagi bosh maydonda joylashgan. Bir zamonlar muhtasham, xashamatli bo’lgan bu saroyning bizgacha yemirilib, xaroba holga kelgan ulkan peshtog’i, ikki chekkasidagi minorasi, saroy poydevorining bir qismigina saqlangan. Oqsaroyning hozirgi ko’rinishi ham salobatli va go’zaldir. Bu salobatlilik va go’zallikka g’ishtlarning yaxlit bo’lib ko’rinishini ta’minlash — old va shimol devor yuzasini sirkor parchinlar bilan bir tekisda ishlash tufayli erishilgan. Peshtoq ravog’ining eni 22,5 metr, balandligi 40 metr, umumiy balandligi 50 metrdan oshadi. Peshtoq minorasi ichidagi aylanma zina orqali yuqoriga chiqilgan. Oqsaroyning avvalgi holati to’g’risida faqat yozma manbalarga qarab fikr yuritish mumkin. 20 yil davomida qurilgan bu bino to’g’risida Abdurazzoq Samarqandiy quyidagicha ma’lumot beradi: «Temur ishga yaroqli bo’lganlarning hammasini Xorazmdan Movarounnahrga ko’chirish uchun buyruq berdi… Xorazmlik ustalar baland va salobatli saroy qurishdi, hozir u Oqsaroy nomi bilan mashhur». Kpavixo saroyni ko’zdan kechirganda (1404, 29 avgust) u hamon qurib bitkazilmagan, ba’zi joylarining koshinli naqshlari tugallanmagan edi. Shunga qaramay, juda hayratlanganligini, uning nihoyatda go’zalligini yozadi. Saroy qurilishida xorazmlik ustalar qatori, mahalliy va boshqa davlatlardan kelgan ustalar ham qatnashgan. Peshtog’idagi yozuvlar orasida eronlik Muhammad Yusuf Tabriziy nomi 2 marta takrorlangan. Yozma manbalarga ko’ra, Oqsaroy turar joy va jamoat binosi sifatida qurilib, xonalar hovli atrofida joylashgan. Bobur ma’lumotlariga ko’ra, hovli o’rtasida hovuz, to’rida gumbazli katta xona — devonxona, yonlarida maslahatchilar uchun kichik xona, hashamatli ravoqli bostirmalar, ichki tomonida Haram va amirning xonasi joylashgan. Devonxona peshtog’ida Arslon va quyosh tasviri va Temur davlatining 3 halqa shaklidagi nishoni bo’lgan. Gumbaz ichi va yonlariga, burchaklardagi minoralarga koshin-g’ishtlardan qalqon shaklidagi girih naqshlar ishlangan. Bu naqshlar silliqlangan g’isht va Feruza rangli sirkor parchindan yozilgan kufiy xatlar zamini yo’g’on ko’k belboqqa o’xshash mujassamotni tashkil etgan. Oqsaroy devorlaridagi ranglar jilosi, tarixiy, falsafiy va diniy mavzudagi, kufiy, suls yozuvlari, koshinkori bezaklar, islimiy, girih naqshlarning o’zaro uyg’unligi binoga ajoyib va sehrli mazmun bag’ishlagan. Ranglarning oy yorug’ida jilolanib- oqarib ko’rinishidan bino Oqsaroy deb nomlangan. Saroyning o’ziga xos xususiyatlaridan biri — tom tepasiga ishlangan hrvuzdir. Hovuzga suv Taxtaqoracha dovonidan qo’rg’oshin quvurlar orqali oqib kelib, undan sharshara hosil qilib pastga tushirilgan. 1707 yilda Buxoro xoni Ubaydullaxon Oqsaroy peshtog’i ostida toj kiyib, taxtga o’tirganligi peshtoqning o’sha paytda butun ekanligidan darak beradi. 1973— 75 yillarda arxeologik tadqiqotlar, 1994— 96 yillarda konservasiya ishlari olib borilgan. Ad.: Mankovskaya L. Yu., Qashqadaryo vohasining arxitektura yodgorliklari, T., 1979.