Oqto’ba
Oqto’ba — Qozog’iston Respublikasining Oqto’ba viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Respublikaning shimoli-g’arbida, Ilek daryosining (Ural tarmog’i) chap sohilida, Orenburg — Toshkent temir yo’l yoqasida. Avtomobil va havo yo’llarining muhim tuguni. Aholisi 253,1 ming kishi (1999). Shahar 1869 yilda Oqto’ba (Oqtepa) qal’asi sifatida vujudga kelgan. 1891 yildan shahar. Qozog’istonning yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Ferroqotishma va xrom birikmalari zavodlari, mashinasozlik (rentgen apparatlari va qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodlari), yengil va oziq-ovqat sanoatlari korxonalari (go’sht va sut kombinatlari, tegirmon, elevator, trikotaj, mebel va tikuvchilik fabrikalari), «Aktyubinsk- kimyoplastmass» ishlab chiqarish birlashmasi bor. Qurilish materiallari ham ishlab chiqariladi. 3 oliy o’quv yurti, teatr, 2 muzey mavjud.