Orenburg echki zoti
Orenburg echki zoti – tivit yo’nalishidagi echki zoti. Orenburg echki zoti mahalliy tivitli echkilarni uzoq vaqt tanlab chatishtirish yo’li bilan chiqarilgan. Tana tuzilishi baquvvat. Shoxlari uzun. Serkalari o’rtacha 65-70 kilogramm, urg’ochilari 45— 47 kilogramm keladi. Qirqib olinadigan jun chiqimi 0,3—0,4 kilogramm. Juni tivit (35%, uzunligi 5-6 santimetr, ingichkaligi 14-16 mkm) va qil (65%, uzunligi 7-9 santimetr, ingichkaligi 80— 90 mkm)dan iborat. Tiviti qoramtir- kulrang. Oqranglisi kam uchraydi. Tarab olinadigan tivit chiqimi 0,2—0,3 kilogrammdan 0,5 kilogrammgacha. Tiviti butun dunyoga mashhur. Undan issiq Orenburg ro’mollari tayyorlanadi. Sogim davrida 90— 120 kilogramm sut beradi, yog’liligi 4,8—5%. 100 ta ona echkidan 125 — 140 uloq olinadi. Bu echki Orenburg, Chelyabinsk viloyatlarida, Boshqirdistonda va Qozog’istonning ayrim joylarida boqiladi.