Organogen tog’ jinslari
Organogen tog’ jinslari (Yunoncha organon — organik va …genez), biogen tog’ jinslari — organik qoldiqlardan yoki organizmlarning faoliyati natijasida hosil bo’lgan minerallardan tashkil topgan cho’kindi tog’ jinslari. Tarkibiga ko’ra, karbonatli, kremniyli, ba’zi fosfatli jinslarga, shuningdek, ko’mirga bo’linadi. Karbonatli Organogen tog’ jinslari foraminifera, marjon, mshanka, braxiopoda, mollyuskalar va boshqa organizmlarning chig’anoqlari, suvo’tlardan tarkib topgan. Ularga ohaktosh, bo’r va boshqalar kiradi. Kremniyli Organogen tog’ jinslari diatomit, spongolit, radiolyarit (kremniyli jinslar), kok-kolitoforid va boshqalardan iborat. Fosfatli Organogen tog’ jinslari kam uchraydi, ularning tarkibiga turli davrlarda yig’ilgan silur braxiopodalari, guano va boshqalar kiradi. Ko’mirli Organogen tog’ jinslari tarkibiga turli sifatli ko’mir, yonuvchi slaneslar kiradi; bu guruh tog’ jinslarining hajmi yer po’stidagi karbonatlarga nisbatan juda kam. Neft va qattiq bitumlar Organogen tog’ jinslarining alohida guruhini tashkil qilgan, fitoplankton ularni hosil qiluvchi asosiy material bo’lgan. Organogen tog’ jinslari qatlamlarining qalinligi 5-10 santimetrdan bir necha 100 metrgacha. Tarkibiga karab rangi har xil, ko’proq och kulrang va oq. Organogen tog’ jinslari paleozoy, mezozoy, kaynozoy davrlari cho’kindi jinslari orasida uchraydi. O’zbekistonda bu jinslar qo’rg’oshin, rux, ohaktoshlar, kumir, neft va gaz konlarida mavjud. Ad.: Logvinenko N. V., Petrografiya osadochnix porod, M., 1984.