O’rgimchak nima?

Avvalo shuni bilingki, o’rgimchak — hasharot emas. Ular alohida sinf bo’lib, o’rgimchaksimonlar deb ataladi. O’rgimchakning oyog’i oltita emas, sakkiztadir, ularning tuzilishi ham mutlaqo boshqacha. O’rgimchak, go’yo ikki qismga bo’lingan. Bu avvalo, boshko’krakni tashkil etgan bosh va ko’krak qafasi hamda undan ancha katta bo’lgan qornidir. O’rgimchaklarga xos xususiyat shundaki, ularning hammasi nafis tola ajratib chiqaradi, ammo ayrim turlari undan uya to’qimaydi. Ular toladan qanday foydalanadi? Barcha o’rgimchaklar tuxumini joylashtirish uchun pilla o’raydi. Pilla ularni ortiqcha issiq va ko’p sonli dushmanlaridan muhofaza etadi. Kichkina o’rgimchaklar uyasidan shamol yordamida bir joydan ikkinchi joyga ko’chishda foydalanadilar. Suv o’rgimchaklari toladan uya asosi sifatida foydalanadilar. Boshqa o’rgimchaklar toladan modalarini jalb etish uchun foydalanadi. Ular buning uchun atay to’r to’qiydiki, urg’ochi o’rgimchak, albatta unga keladi. Aksar o’rgimchaklar toladan o’lja tutishda foydalanadi. U murakkab tuzilishga ega va xiyla mustahkamdir. O’rgimchak uyasining birinchi tolasi boshqa tolalarning shunga ildirilishi uchun asosiysi hisoblanadi. Ana shunda o’rgimchak uyasi tiniq qiyofaga ega bo’ladi. O’rgimchak tolalariga yopishqoq modda bilan surtilgan, shu tufayli o’lja tanasiga darrov yopishib qoladi. O’rgimchak uyasi aylana shaklda bo’lmaydi, chunki uchlar markazdan yiroq joylarda, turli masofalarda birikadi. To’qilgan uyaga o’rgimchak tanasiga ilashib turgan yana bir tolani biriktiradi. Bu tola nima uchun zarur? Hasharotlar o’rgimchak uyasiga uchib keladi va qochib chiqishga harakat qilib, o’ralib qoladi. Ular to’rni qimirlatishadi, o’rgimchak signal tolasi orqali o’lja tushganini sezadi. U majolsiz bo’lib qolgan hasharotga yaqinlashib, unga holsizlantirib tashlaydigan suyuqlik purkaydi. Shundan keyin u o’z o’ljasini bamaylixotir paqqos tushiradi. O’rgimchakka tola nima uchun kerakligi mana shunda!