O’rmonga zamburug’lar kerakmi?

Bu savol hech biringizning xayolingizga kelmagan, desak, xato bo’lmaydi. Biz zamburug’larni yaxshi ko’ramiz va shuning uchun ularni tergani o’rmonga boramiz. Ammo nega ular aynan o’rmonda o’sadi? Aniqlanishicha, odamlar zamburug’siz ham yashashi mumkin ekan, ammo ular o’rmonga juda ham kerak.

Har yilgi bargrezon natijasida o’rmon saltanatining har gektar yeriga ikki tonnadan oshiq chirigan moddalar yig’ilib qoladi. Bundan tashqari, u yerda daraxtlar qulaydi, shoxlar sinadi, kuzda pishgan mevalar to’kiladi, hayvonlar va hasharotlar o’ladi. Agar ularning hammasi shu holicha qolib, asrlar davomida yig’ilib borsa, sayyoramiz yuzasida yangi o’simlik jonivorlar avlodi uchun yashash sharoiti va joy qolmasligi shubhasiz. Sarflagan ozuqa moddalarini chirimagan o’simliklar va jonivorlarda qolib ketgani uchun qaytib ololmagan yer oriqlab ketadi. Bunday bo’lmasligi uchun zamburug’lar kerak.

Ular qurigan o’simliklar va hayvonlar jasadidagi organik moddalarni parchalaydi va oddiy noorganik moddalarga aylantiradi. Noorganik moddalar yerga qaytadi va yangi o’simliklar uchun ozuqa bo’lib xizmat qiladi. Shunday qilib, tabiatda biologik muvozanat qaror topadi. Qalpoqsimon zamburug’lar bepoyon zamburug’lar saltanatining kichik bir bo’lagidir. Uning aksariyat qismi tabiatda mikroskopik, ya’ni ko’z bilan ko’rib bo’lmaydigan shakllarda mavjuddir. Ular orasida o’rmon uchun foydali bo’lganlari ham, juda zararlilari ham bor. Qalpoqsimon zamburug’lar o’rmon uchun, asosan, foydali. Ular qurib qolgan daraxtlarning chirishini tezlashtiradi. Ammo kuzgi to’nka zamburug’i deb ataluvchi zamburug’ o’rmonning haqiqiy dushmani ham bo’lishi mumkin. Ko’pincha u to’nkalar va yiqilgan daraxtlar ustida o’sadi, biroq ba’zida eman, qarag’ay va hatto olma nihollariga ham ko’chib o’tishi, ildizlarini chiritish natijasida nobud qilishi mumkin. Lekin bunday zamburug’larning mavjudligi boshqa zamburug’larning o’rmon oldidagi ahamiyatini tushirmaydi. Biologlar «mikoriz» yoki «zamburug’ildiz» degan bir tushunchadan foydalanishadi. Zamburug’ning giflar deb ataladigan ingichka iplari daraxtlar ildizini o’rab oladi, natijada zamburug’ va daraxt o’rtasida o’zaro foydali hamkorlik qaror topadi. Zamburug’ o’zi topolmagan uglevodlarni daraxt ildizidan oladi, evaziga esa daraxt hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan kaliy, fosfor, azot va boshqa mikroelementlar beradi.