Oromiy yozuvi

Oromiy yozuvi — g’arbiy som yozuvlaridan biri; oromiylar miloddan avvalgi 1-ming yillikning boshlarida finikiy yozuvi asosida shakllantirgan kansonant yozuv. Oromiylar finikiy yozuvi ning alifbo tarkibini o’zgartirmagan holda (oromiy alifbosi ham faqat undoshlarni ifodalovchi 22 harfdan iborat bo’lgan), unga ayrim uzgarishlar kiritganlar: harflarni tashkil etuvchi unsurlar sonini kamaytirish yoki unsurlar shaklini o’zgartirish orqali juda ko’p harflarning shakllarini soddalashtirganlar va yozuvni tez yozishga moslashtirganlar. Oromiy yozuvida so’zlar asosan ajratib yozilgan: dastlabki so’zlarni ajratuvchi belgilar — bir vertikal chiziq yoki nuqta qo’llangan, keyinchalik esa suzlar o’rtasida bo’sh joy qoldirish bilan so’zlar o’zaro ajratilgan. Oromiy yozuvida harflar alohida-alohida, ligaturasiz (2 harfni bir harf shakliga keltirmasdan) yozilgan; o’ziga xos xususiyatlaridan biri d va g harflarining farqlanmasligidir. Oromiy yozuvi va oromiy tili miloddan avvalgi 6-4-asrlarda yangi ossur va qadimgi fors davrlarida butun G’arbiy Osiyoda, hatto Misr, Kichik Osiyo va Hindistonda devonxonalarning rasmiy yozuvi va tiliga — xalqaro aloqa vositasiga aylangan. Oromiy yozuvi nafaqat monumental toshbitiklarda, balki sopol buyumlarda (sopol parchalarida) va papiruslarda saqlanib qolgan. Bu yozuv g’arbiy som yozuvlarining miloddan avvalgi 3-2- asrlardagi ko’plab oromiy variantlarining, suryoniy, kvadrat shaklli yahudiy, Arab, pahlaviy, Sug’d, uyg’ur, mo’g’ul yozuvlarining kelib chiqishiga asos bo’lgan. Oromiy yozuvidagi eng qadimgi yozma yodgorliklar miloddan avvalgi 9-8-asrlarga mansub.