Ortogenez

Ortogenez (Yunoncha orthos — to’g’ri va … genez) — tirik tabiatning rivojlanishi ichki omillar bilan bog’liqligi to’g’risidagi evolyusion ta’limot kontsepsiyasi. Ortogenez to’g’risidagi tasavvurlar asosida nemis zoologi T. Eymerning qarashlari yotadi (1888-97 yildagi ishlari). Ortogenez ta’limotiga ko’ra, evolyutsiya tabiiy tanlanish natijasida bo’lmasdan, balki irsiy o’zgaruvchanlikning muayyan yo’nalishda borishi bilan belgilanadi. Tirik sistemalarda yuz beradigan barcha o’zgarishlar tashqi muhitning bevosita ta’siri natijasi bo’lib, tabiat tomonidan belgilab berilgan qat’iy yo’nalishlar asosida ro’y beradi, so’ngra irsiyatga o’tkaziladi. 20-asrga kelib Ortogenez tarafdorlari evolyutsiya yo’nalishini moddiy asosga ega bo’lmagan yoki bunday asosga ega bo’lgan, lekin azaldan genetik kodga solingan ichki omillar bilan bog’lashga urinishmoqda. Ortoselektsiya muhit ta’sirining yo’naltirilganligi tufayli tabiiy tanlanishni uzoq vaqt davomida muayyan bir yo’nalishda borishi bilan Ortogenezdan farq qiladi. Ortogenez kontsepsiyasi evolyutsion jarayonni avtogenetik sabablarga bog’lab tushuntirishga urinish bilan Ch. Darvin ta’limotiga qarshi turadi.