O’simliklar o’zini qanday himoya qiladi?

O’simliklar o’zini zararkunandalardan himoya qila oladimi? Ayrimlari himoya qilishi mumkin ekan. Amerikaning tropik o’rmonlarida dunyodagi eng g’aroyib o’simliklardan biri moviy passiflora — ehtiros guli o’sadi. Uning gullari katta-katta va g’alati tuzilishga ega. Bu o’simlikning suratlari yangi dunyodan Yevropaga 1610 yili kelib qolgan edi. Kolumbning ortidan Amerikaga kelgan ispan missionerlari (yerli xalqni xristian diniga o’tishga targ’ib qilish uchun yuborilgan shaxslar) gulning ayrim joylarida «yaratuvchining ehtiros quroli»ni ko’rishadi. Uning lotincha nomi shundan olingan. U go’zal libosi tufayli «kavaler yulduzi» deb ataladi. Bu g’alati gul faqat botaniklarning emas, rassomlarning ham e’tiborini o’ziga tortib keladi. Uning tasviri XVII — XIX asrlarning buyuk tasviriy san’at ustalari chizgan suratlarda uchraydi. Ammo eng qizig’i, passiflora o’zini yovuz dushmanlardan himoya qila oladi. Braziliyaning bu o’simlik o’sadigan tropiklarida kaprlaklarni bir turi uchraydi. Bu kapalaklar faqat mana shu o’simlikning nozik novdalari yaprog’iga tuxum qo’yadi. Tuxumdan chiqqan kapalaklar novdani yeb bitiradi. Ammo bir nechta kapalak hech qachon bitta novdaga tuxum qo’ymaydi, chunki ular ko’pchilik bo’lsa, ozuqa yetmay qoladi. Passiflora bu kapalakning tuxumlariga o’xshash narsa chiqarishni o’rganib oldi. Novda yaproqlaridan maxsus ferment tomchilari ajralib chiqadi va kichik mayda tuxumchalarga o’xshab qotib qoladi. Aldangan kapalak novda bandligini ko’rib, boshqa o’simlikka uchib ketadi, passiflora novdasi esa Quyosh nuriga intilib o’saveradi. Shunday qilib, tabiatda yashab qolishi uchun kurash abadiy davom etaveradi.