O’simliklar qayerdan paydo bo’lgan?

Zamonaviy ilmiy nazariyalarning tasdiqlashicha, bir zamonlar yer yuzida na o’simliklar va na hayotning boshqa bir turi bo’lmagan. So’ngra, bundan yuz million yillar muqaddam noma’lum sabablarga ko’ra, protoplazmaning dastlabki zarralari paydo bo’lgan. Biologlar o’simliklar va hayvonlardan topgan birlamchi tirik materiya protoplazma deb ataladi. Olimlarning taxminicha, yerdagi tirik organizmlar o’sha uvoq zarralardan kelib chiqqan. O’simlikka aylangan protoplazma qalin tashqi qoplam hosil qilishni va butun hayotini bir joyda qimirlamasdan o’tkazishni o’rgandi. Bundan tashqari, u ilk marta yashil rangli modda — xlorofill ishlab chiqardi. Bu modda yerdagi jamiki tirik mavjudot hayoti uchun birinchi darajali ahamiyatga ega. Xlorofillning xossalari o’simliklarga, havo va yerdan zarur ashyolarni olgan holda, o’z ehtiyoji uchun ozuqa ishlab chiqarish imkonini beradi. Ilk yashil o’simliklar bir hujayrali bo’lgan, ammo keyinchalik ko’p hujayrali shaklga o’tgan. O’sha vaqtlar ular qurib qolishdan himoyalana olmagani uchun faqat suvliklarda yashagan. Ko’pgina birlamchi o’simliklar, ko’rinishi o’zgarib ketgan bo’lsa-da, shu kunlargacha saqlanib qolgan. Bunga hammamizga tanish suv o’tlarini misol qilib keltirish mumkin. O’simliklarning alohida bir guruhi, boshqalaridan farqli o’laroq, o’ziga xlorofill yordamisiz ozuqa topishni o’rganib oldi. Bakteriyalar va zamburug’larning aksariyati bunday yashil bo’lmagan o’simliklarga kiradi.

Hozirgi o’simlik turlari, asosan, suv o’tlaridan kelib chiqqan. Ularning bir qismi dengizdan quruqlikka chiqqanidan so’ng ildiz otib, tuproqda o’rnashib qoldi. Ularda qurib qolishdan saqlaydigan yupqa teri bilan qoplangan yaproqlar hosil bo’ldi. Shu tariqa ilk yo’sinlar va qirqquloqlar vujudga keldi. Barcha qadimgi o’simliklar oddiy bo’linish yoki urug’lik vazifasini bajaruvchi mayda changsimon zarralar — sporalar yordamida ko’paygan. Sporalarda, urug’lardan farqli o’laroq, ozuqa zahirasi bo’lmaydi. Vaqt o’tishi bilan ayrim sporali o’simliklarda yangi organlar — gullar paydo bo’lgan va natijada urug’lar yordamida yangicha ko’payish usuli qaror topgan. O’simliklarning ikki guruhi bor: urug’lilar va tuxumlilar. Tuxumlarning urug’lardan farqi mevaning himoya po’sti bilan qoplanganidir. Bu o’simliklar sayyoramizdagi o’simlik dunyosi taraqqiyotining (hozircha) oliy bosqichidir.