Osipov isyoni

Osipov isyoni – Turkiston ASSR harbiy komissari K. Osipov boshchiligida sovet rejimiga qarshi ko’tarilgan isyon (1919 yil 18-21 yanvar). 1918 yil oxirida K. Osipov boshchiligida sovetlarga qarshi faoliyat ko’rsatuvchi Muvaqqat komitet tuzilgan. Osipov isyoni 1919 yil 18 yanvarda boshlangan. 19 yanvarga o’tar kechasi K. Osipov buyrug’i bilan Turkiston ASSR MIK raisi V. Votintsev, Turkiston ASSR XKS raisi V. Figelskiy, CHK (favqulodda komissiya) raisi I. Fomenko, Toshkent Soveti raisi N. Shumilov va boshqa komissarlar otib tashlangan. Toshkent shahri deyarli to’liq isyonchilar qo’liga o’tgan. Biroq, tez orada kommunistlar Qo’qon, Samarqand, Perovskdan qizil askar otryadlarini chaqirib, isyonni bostirishgan. Isyonchilarga qarshi kurashga so’l eser G. Koluzaev rahbarlik qilgan. Bu harbiy mojarolarga eski shahardagi mahalliy aholi 1917 yil oktabrda bo’lgani singari befarq qaragan, chunki ular K. Osipov aslida hokimiyatni egallash uchun intilayotganini, Turkistonda demokratik respublika o’rnatish haqidagi uning va’dalari quruq so’z ekanligini tushunganlar. 21 yanvarda isyon tor-mor qilingach, K. Osipov kichikroq otryad bilan Farg’ona vodiysiga (Madaminbek huzuriga) borgan. U andijonlik Parpi qo’rboshi (Parpibek) qarorgohida ham bo’lib, Toshkentdan keltirgan sovetlarning pul bosish mashinasida Qo’qonqishloq (hozirgi Paxtaobod)da uning nomidan pul chiqarib, xalqqa tarqatgan. So’ngra Buxoro amirligiga qochib borgan. 1920 yilda u xorijga o’tib ketgan (uning Hindistonda yashagani haqida ayrim ma’lumotlar mavjud). Sovet rejimi Osipov isyonini bostirish bahonasida sovet tuzumidan norozi bo’lgan ko’plab kishilarni terror va qatag’on qilgan. Partiya va sovet idoralarida tozalashlar o’tkazilgan. Ad.: Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000. Qahramon Rajabov.