Osiyo-tinch okean iqtisodiy hamkorligi

Osiyo-tinch okean iqtisodiy hamkorligi — xalqaro iqtisodiy tashkilot. Osiyo-Tinch okeanning 12 davlati — Avstraliya, Bruney, Indoneziya, AQSh, Kanada, Malayziya, Tailand, Singapur, Filippin, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Yangi Zelandiya tashqi ishlar va savdo vazirlarining Kanberra shahrida (Avstraliya) bo’lib o’tgan 1-konferentsiyasida asos solingan (1989 yil noyabr). Tashkilotning asosiy maqsadi Osiyo-tinch okean mintaqasida ochiq va erkin savdo hamda investitsiyalar uchun sharoit yaratib berish, atrof muhitni muhofaza qilish yuzasidan kuch-g’ayratlarni muvofiqlashtirish. Bunda umuman mintaqada, va, xususan, tashkilot doirasida integratsiya jarayonlariga muhim e’tibor beriladi. Osiyo-tinch okean iqtisodiy hamkorligida integratsiya jarayonlari mintaqada sanoati rivojlangan davlatlar uchun 2010 yilgacha va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun 2020 yilgacha ochiq va erkin savdoni ta’minlash va qo’llab-quvvatlashni, Osiyo-tinch okean iqtisodiy hamkorligi tashkilotiga a’zo mamlakatlarning izchil sur’atda o’sishi, bir tekis rivojlanishi va milliy barqarorligiga erishish uchun yaqin hamkorlik qilishni nazarda tutadi. Bu bayonot Osiyo-tinch okean iqtisodiy hamkorligi davlat boshliqlarining 1994 yilgi Bogor deklaratsiyasi nomini olgan. Hamkorlik tashkiloti o’z faoliyatini, asosan, 2 sohada olib bormoqsa. Birinchidan, xalqaro savdoni erkinlashtirish va miqyosini kengaytirish maqsadida savdo sohasida hamkorlik qilish, ikkinchidan, Osiyo-tinch okean mintaqasining texnologik rivojlanishi va yuksak taraqqiy etgan mintaqaviy infratuzilmani (bunda axborot va aloqa industriyasi, transport, xodimlar tayyorlash va boshqalar ham nazarda tutiladi) vujudga keltirishga harakat qilinmoqda. Osiyo-tinch okean iqtisodiy hamkorligi mamlakatlari O’zbekiston bozorini birmuncha istiqbolli deb biladi, ayni chog’da O’zbekiston Osiyo- Tinch okean mintaqasi mamlakatlari bilan siyosiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy hamkorlikni kuchaytirishga intiladi. Osiyo-tinch okean iqtisodiy hamkorligi tashkilotining doimiy ishchi organi — Kotibiyat. U 1993 yil tashkil qilingan. Qarorgohi Singapur shahrida. Sayfiddin Jo’rayev.