Ota darvoza
Ota darvoza — Ichan qal’aning g’arbiy darvozasi. Olloqulixon hukmronligi davrida qurilgan (1828— 29). Shermuhammad ota nomi bilan ham atalgan. Darvozaxona to’g’ri to’rtburchak tarhli (17,50×15,40 metr), ichkarisi uzun dalon bo’lib, usti ikki katta gumbaz (diametri — 15,07 metr) bilan qoplangan. Dalonning 2 tomonida bir-biriga o’tiladigan oldi ochiq, gumbazli xonalar darvozabonlar xonasi vazifasini o’tagan. Xonalarning biridan hujraga o’tiladi. Hujradagi aylanma zinadan tomga chiqiladi. Darvoza peshtog’i baland bo’lib, ikki yon tomonini guldastalar egallagan. Peshtoqining ravoqli darchalari guldastalar qafasasi bilan bir balandlikda bo’lib, kunguralar bilan yakunlangan. Ota darvozaning dastlabki ko’rinishi saqlanmagan, arxiv materiallari asosida qayta tiklangan (1974). 1978 yildan do’kon uchun moslashtirilgan.