Otaturk

Otaturk (asl ismi Mustafo), Mustafo Kamol, Kamol Posho (1881, saloniki — 1938.10.11, Istanbul) — Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi prezidenti (1923-38), harbiy sarkarda. Turkiyada familiya joriy qilingach, Buyuk millat Majlisi tomonidan unga Otaturk familiyasi berilgan (1934). Turli harbiy maktablar va Istanbul Bosh shtab akademiyasini (1905) tugatgan. Shom (Suriya), Falastin, salonikida zobit sifatida harbiy xizmatni o’tagan (1905-09). Salonikida uning siyosiy faoliyati boshlangan. Dastlab, yosh turklarning «Ittihod va taraqqiy» partiyasiga a’zo bo’lgan (1908), keyinchalik ulardan asta-sekin uzoqlashgan. Italiya-Turkiya urushi (1911-12), 2-Bolqon urushi (1913), 1-jahon urushida qatnashgan. 1919 yil 19 mayda Istanbuldan Anatoliya (Onado’li)ga kelgan. Arzirum va Sivas kongresslari (1919 yil iyul—sentabr)ga rahbarlik qilib, turk xalqini ingliz va grek (keyinchalik arman) bosqinchilariga qarshi ozodlik urushiga chaqirgan. Sivas Kongressida u Anatoliya va Rumeli mudofaa huquq jamiyati (vakillik komiteti) raisi qilib saylangan. Otaturk boshchiligida mamlakatda Kamolchilar inqilobi avj olgan. Istanbul inglizlar tomonidan ishg’ol qilingach (1920 yil 16 mart), barcha vatanparvar kuchlar uning atrofida to’plangan. Anqarada yangi parlament — Turkiya Buyuk millat Majlisi (TBMM) chaqirilib, unga Majlis va hukumat raisligiga saylangan (1920 yil 23 aprel). Ingliz va grek bosqinchilariga Qarshi kurashda turk armiyasining qo’mondoni. Biroq, Istanbul hukumati Otaturk va uning safdoshlarini osiy deb e’lon qilgan va sirtdan o’lim jazosiga hukm etgan. Sakariyo daryosi bo’yida bosqinchilar ustidan qozonilgan g’alaba (1921 yil 23 avgust — 13 sentabr)dan so’ng unga marshal unvoni va G’oziy nasabi berilgan. 1922 yil oxirida turk armiyasi Otaturk rahbarligida to’liq g’alabaga erishgan. Otaturk irodali siyosatchi, mohir qo’mondon, kuchli notiq bo’lgan. Otaturk tashabbusi bilan Usmonli turk sultonligi tugatildi (1922 yil 1 noyabr), Turkiya respublika deb e’lon qilindi (1923 yil 29 oktabr), xalifalik bekor etildi (1924 yil 3 mart). Davlat boshqaruvi tubdan o’zgartirilib, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va harbiy sohada chuqur islohotlar o’tkazilgan. Mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo’nalishlarini belgilab beruvchi 6 ta tamoyilni ishlab chiqqan. Uning ta’limoti Turkiyada otaturkchilik, G’arbda esa kamolizm deb baholangan. Turkiya Respublikasida Islom dinining ta’siri kamaytirilib, uni G’arb namunasidagi dunyoviy davlatga aylantirish jarayoni boshlangan. Otaturk turkiy xalqlar tarixi, siyosiy va harbiy mavzuga oid ko’plab nazariy asarlar muallifi. Toshkentdagi ko’chalardan biri Otaturk nomiga qo’yilgan. Ad.: Turk xalqining buyuk farzandi Otaturk, T., 1998; Qosimov A., Turkiya, T., 1992. Qahramon Rajabov, Temur G’iyosov.