Otish sporti

Otish sporti — sport turi, o’q otish quroli va pnevmatik qurol (o’iiq stvolli va silliq stvolli qurollar), shuningdek, kamondan otish. Sport atamashunosligida, odatda, o’q otish Otish sporti deb ataladi. Otish sportida harakatlanmaydigan va harakatlanib turadigan nishonlarga qarab miltiq, pistolet yoki revolver (to’pponcha)dan o’q uziladi. Hozirgi zamon musobaqalari diametri 162,4 millimetrli nishonlarga 50 metr masofadan 5 soat 15 minut davomida miltiqdan (yotgan holda, tik turib va tizzalab) 3 X40 ta o’q uzish; 50 metr masofadan 2 soat davomida o’sha nishonga miltiqdan 60 ta o’q uzish (yotgan holda); 1320×70 millimetr kattalikdagi harakatlanib turadigan nishon — «chopib ketayotgan to’ng’iz»ga 2 kun mobaynida 30+30 ta o’q uzish (tik turib, miltiqni ko’tara solib darhol); o’zi o’qlanadigan pistoletdan 1600 X450 millimetr kattalikdagi 5 ta figurali nishonga 25 metr masofadan 2 kun mobaynida 2×30 ta o’q uzish (tik turib); bir zaryadli pistoletdan 500 millimetr diametrli nishonga 50 metr masofadan 2 soat 30 minut davomida 60 ta o’q uzish (tik turib) mashqlarini o’z ichiga oladi. O’q otish bo’yicha birinchi musobaqalar 1824 yil Shveytsariyada o’tkazilgan. Jahon chempionatlari 1897 yildan (1954 yildan -4 yilda 1 marta) o’tkaziladi. 1921 yil Xalqaro Otish sporti uyushmasi (Uit)ga asos solingan. Otish sporti barcha Olimpiada o’yinlari (1904, 1928 yildan tashqari) dasturiga kiradi. O’zbekistonda Otish sporti keng tarqalgan sport turlaridan biri hisoblanadi. 20-asrning 20-yillaridan ommalasha boshladi. Qulay iqlim sharoiti tufayli butun yil davomida qurollarning barcha turidan merganlar tayyorlab kelingan. Otish tirlari va poligonlari respublikaning barcha viloyatlarida bor. 1960-80 yillarda Otish sporti respublikada, ayniqsa, kjsalishga erishdi. Bu davrda O’zbekiston vakillari Yevropa va jahon chempionatlarida 100 dan ortiq medalni, shuningdek, Olimpiada o’yinlarining 2 ta kumush medalini qo’lga kiritdi. O’zbekiston Otish sporti federatsiyasi 1992 yil tuzildi va xalkaro otish sporti uyushmasiga qabul qilindi. 1995 yildan Osiyo otish sporti konfederasiyasiga a’zo bo’ldi. Jahon chempionlari A. Oripov, E. Kondratev, S. Lazareva stendga otish bo’yicha, A. Kodnikov, A. Romanov o’q otish bo’yicha va Olimpiada o’yinlarining sovrindorlari A. Asraboev va R. Yambulatov respublikadagina emas, xalqaro miqyosda tanildilar. Mustaqillik yillarida D. Muxtorov, Sh. Ahmedov, E. Osmonov, N. Repichev, Yu. Shaxova, N. Dolbikina, A. Aksenova Osiyo o’yinlari, qit’a chempionlari, jahon kubogi musobaqalarining g’oliblari va sovrindorlari bo’ldilar.